Bozorov artistlarga fonogrammada kuylashni taqiqlamoqchi. Nazarbekov bunga qarshi chiqdi

Madaniyat-san’at

image

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning viloyat bayram tadbirlarida qo‘shiqlarni fonogramma orqali ijro etishni taqiqlash haqida aytgan gaplariga Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi va ushbu tashabbus amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmasligi eslatdi.  

Gap shundaki, joriy yilning 13 sentyabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov viloyat madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Ana shu uchrashuv vaqtida hokim ushbu sohani yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator tashabbus va vazifalarni ilgari surgan. Jumladan viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytish taqiqlanishi, ijrochilar sahnada cholg‘uchilar bilan birga jonli ijroda kuylashi, hokim o‘rinbosari rahbarligida tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tuzish, sahnaga chiqadigan qo‘shiqchilar va qo‘shiqlar ochiq tanlov asosida tanlab olinishi borasida ko‘rsatmalar bergan. 

Farg‘ona viloyati hokimligining rasmiy saytida berilgan xabarga ko‘ra, hokimning tashabbusi tadbirda yig‘ilgan san’at ahli tomonidan qarsaklar bilan kutib olingan. 

Ammo oradan olti kun o‘tib, 19 sentyabr kuni Madaniyat vazirligi ushbu xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi. Munosabatda hokimning tashabbusi qonun hujjatlari talablariga mos kelmasligi qayd etilgan. Vazirlik rag‘batlantirish hisobiga jonli-ijroni ommalashtirish istagida.

“Bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytishni taqiqlash borasidagi tashabbus amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaydi.

Madaniyat vazirligi doimo jonli ijro tarafdori bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Lekin biz fonogrammani taqiqlash evaziga emas, balki jonli ijroni rag‘batlantirish, san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash hisobiga uni yanada keng ommalashtirish istagidamiz. Zero, Prezidentimizning “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 26 maydagi farmoniga asosan davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etilgani ham bejiz emas. Bugungi kungacha ko‘plab san’atkorlar ushbu imtiyozdan foydalandi va foydalanmoqda. Qolaversa, mazkur rag‘bat boshqa qo‘shiqchilarning ham jonli ijroga bo‘lgan xohish-istagini kuchaytirmoqda.

Fonogrammadan esa, masalan, televideniye uchun tasvirga olinadigan loyihalar, konsert dasturlari, bayram tadbirlarida sifatni ta’minlash maqsadida rejissyor talabi bilan ayrim o‘rinlarda foydalaniladi. Bunday yondashuv rivojlangan davlatlarda ham mavjud.

Shu jihatdan Farg‘ona viloyati hokimligidan hududda bo‘ladigan bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytishni taqiqlash emas, balki jonli ijrochilarni rag‘batlantirish, ularga yanada kengroq imkoniyat berish pozitsiyasidan kelib chiqib yondashishni so‘rab qolamiz.

O‘z navbatida, Madaniyat vazirligi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanligini, shuningdek, vazirlik tomonidan ishlab chiqilayotgan davlat dasturlarida soha rivoji uchun bildiriladigan takliflar ko‘rib chiqilib, inobatga olinishini ma’lum qilamiz”, deyiladi vazirlik munosabatida


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

250

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing