Bojxonadan yangicha usul: Toshkentda 132 ming qutidan ziyod tamaki yo‘q qilindi

Biznes

6 mart kuni davlat bojxona xizmati organlari va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikdagi tezkor tadbirlarda qonunbuzarlik ashyosi sifatida olib qo‘yilgan va sud qaroriga asosan yo‘q qilinishi belgilangan yirik miqdordagi tamaki mahsulotlarini keng jamoatchilik ishtirokida yo‘q qilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bojxona qo‘mitasi va Majburiy ijro byurosi boshchilik qilgan tadbirda ana shunday kontrabanda mahsulotlarining 132 ming 180 qutisi ommaviy ravishda yoqib yuborildi.

Tahlillarga ko‘ra, mahsulotlarning noqonuniy aylanmasi hajmi 2024 yil yanvar oyida 19,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilning dekabr oyiga kelib bu ko‘rsatkich 9,6 foizni tashkil etgan.

“Bugun o‘tkazilayotgan tadbirimizda bojxona idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar hamda bojxona nazorati jarayonida noqonuniy muomaladan olingan 132 mingdan ortiq quti tamaki mahsulotlari yo‘q qilinmoqda. Ushbu tamaki mahsulotlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularni uchta belgisi bilan kontrafakt hisoblash mumkin, ya’ni aksiz markasi bilan markalanmagan, raqamli markirovka mavjud emas hamda har bir qutida bo‘lishi kerak bo‘lgan tibbiy ogohlantirish haqidagi ma’lumotlar mavjud emas. Ushbu belgilar tamaki mahsulotlarining sifatsiz va kontrafakt ekanligidan dalolat beradi”, deydi Bojxona qo‘mitasi surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i Akromjon Ahlimirzayev.

Ahlimirzayev so‘zini davom ettirar ekan, noqonuniy yo‘llar bilan O‘zbekistonga olib kirilgan tamaki mahsulotlari qanday yo‘llar bilan olib o‘tilganiga to‘xtalib o‘tdi.

“Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, noqonuniy tamaki mahsulotlari respublikamiz orqali odatda tranzit yo‘nalishda olib o‘tilib, qo‘shni davlatlardan kichik partiyalarda tashib o‘tish holatlari va shu orqali kelgusida ularni sotuvga chiqarish kabi holatlar ko‘proq kuzatilmoqda. Mana kuni kecha bo‘lgan holatni misol qilamiz. Buxoro viloyatining Xo‘ja Davlat temiryo‘l posti orqali mamlakatimizga kirib kelgan 2 ta vagon bojxona xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirildi. Demak, xorijdan bizga import qilinayotgan qurilishda ishlatiladigan tosh mahsulotlari orasida juda ko‘p miqdordagi tamaki mahsulotlari bojxona nazoratidan yashirib olib o‘tilayotgani fosh etildi. Ushbu holatda olingan barcha mahsulotlar bugungi yo‘q qilish jarayonida yo‘q qilinmoqda. Tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq o‘nga yaqin shunday huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha mahsulotlar olib qo‘yilgan va sud qarori hamda ijro hujjatlari asosida bugungi kunda yo‘q qilinmoqda”, dedi u.

E’tiborli tomoni shundaki, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” munosabati bilan bu galdagi yo‘q qilish tadbirida atrof-muhitga va insonlar salomatligiga zararli ta’sirning oldini olish hamda chiqindilardan oqilona foydalanish maqsadida o‘ziga xos yangilikka qo‘l urildi. Tamaki mahsulotlari yoqib yuborishdan avval qog‘oz o‘rovlaridan ajratildi. Shundan so‘ng qog‘ozlar qayta ishlash uchun topshiriladi.

“Bugungi tadbirimiz biroz o‘zgacharoq o‘tmoqda. Ya’ni yo‘q qilish usulimizga o‘zgartirish kiritdik. Ko‘rib turganingizdek, tamaki mahsulotlarining har bir qutisi qog‘oz korobkasi ajratib olinmoqda. Kelgusida ushbu qog‘oz qutilar chiqindilari qayta ishlash korxonalariga beriladi. Bu orqali atrof-muhitga kamroq zarar yetkazish va chiqindilardan oqilona foydalanishni maqsad qilganmiz”, deydi Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i.

Yo‘q qilingan tamaki mahsulotlari necha holatda huquqbuzarlardan olib qo‘yilganini bilasizmi? Raqamlar qanchalik katta bo‘lmasin, ammo shunday katta miqdordagi tamaki mahsulotlari atigi 9 ta holatda huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan.

Boshqarmaning ma’lum qilishicha, masalan, yoqib yuborilgan sigaretlardan 76 ming 500 quti “Milano” nomli xorijda ishlab chiqarilgan tamaki mahsulotlari “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda olib qo‘yilgan. Avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro B.K. muqaddam qo‘shni davlatlardan noqonuniy ravishda olib o‘tilgan umumiy qiymati 1 mlrd so‘mlik mazkur sigaretlarni kelgusida noqonuniy o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganligi fosh etilgan edi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining hukmi bilan fuqaro Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi “Etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish” 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 7 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Tamakilarni yoqish jarayonidan so‘ng jurnalistlar va blogerlar ishtirokida respublikada tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan shu yerning o‘zida matbuot anjumani tashkil qilindi. Anjumanda Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev, Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i Akromjon Ahlimirzayev va boshqalar tomonidan jurnalistlarga batafsil axborotlar taqdim qilindi.

Ma’lum qilinishicha, bojxona organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 2024 yilda aniqlangan 512 ta holatda qiymati 61,6 mlrd so‘mlik 2,9 mln quti tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.

“Bugungi kunda tamaki mahsulotlarining noqonuniy kirib kelishiga qarshi kurashishda bojxona organlarining asosiy vazifalariga muvofiq ish olib bormoqdamiz. Bojxona organlari tomonidan joriy yilda 137 ta holatda 9,3 mlrd so‘mlik 305 ming quti tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aniqlangan. Bu esa mamlakatimizga qonuniy tamaki mahsulotlari importining o‘sishiga olib keldi. 2024 yil oxiriga kelib, ushbu raqamlar 2023 yilga nisbatan sakkiz baravarga o‘sganini anglatadi. Oldinlari faqat ikkitagina davlatdan tamaki mahsulotlari import qilingan bo‘lsa, endi bu ro‘yxatga Koreya, Armaniston, Germaniya, Polsha kabi davlatlar ham qo‘shilgan”, deydi Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev.

Otabek Choriyevning qo‘shimcha qilishicha, aksariyat holatlarda respublikamiz hududidan tranzit tarzida olib o‘tilayotgan tamaki mahsulotlarini ichki hududda tushirib qoldirishga urinishlar nisbatan ko‘proq kuzatilgan. Va ushbu holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2024 yil 30 oktyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tishda bojxona nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 717-son qarori qabul qilingan.
Qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlar tranzitini amalga oshirishda to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlari summasini bojxona organining depozit hisobvarag‘iga qo‘yish hamda respublikadan olib chiqilganidan so‘ng mazkur mablag‘larni qaytarish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

“Import geografiyasining kengayishi o‘z navbatida davlat byudjetiga tushadigan bojxona to‘lovlarini ham ancha oshirdi. 2000 yilga nisbatan bojxona to‘lovlari qariyb o‘n baravarga ko‘paydi, bu esa davlat byudjetiga undirilishi ta’minlandi. Bu barcha sa’y-harakatlar, noqonuniy tamaki mahsulotlariga qarshi kurashishimiz natijasida faoliyatimizning qonuniy tus olishiga olib kelmoqda.
Mamlakatimizda uchta milliy kompaniya mavjud bo‘lib, ular tomonidan tamaki mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Shu bilan birga, tamaki mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun tamaki mahsulotlarining chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan”, deydi Choriyev.

Matbuot anjumanida Respublika ixtisoslashtirilgan fiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari, pulmonolog Xayrulla Rajabov ham ishtirok etib, tamaki mahsulotlarining inson salomatligiga zarari haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Tamakining salbiy ta’siri haqida gapiradigan bo‘lsak, chekish inson salomatligiga, asosan, o‘pka kasalliklariga sabab bo‘ladi. Asosiy o‘pka kasalliklari, ya’ni surunkali obstruktiv o‘pka kasalliklarini yetmish besh foiz hollarda chekish omili sifatida qayd etilgan. Bundan tashqari, chekish nafaqat o‘pka kasalliklariga, balki o‘pka raki kasalliklariga ham olib kelishi mumkin, chunki o‘pka kasalliklarining 90% chekish sababli rivojlanadi. Chekish yurak-qon tomir kasalliklariga, oshqozon va hazm qilish tizimi kasalliklariga ham sabab bo‘lishi mumkin. Yurak kasalliklari, xususan yurak ishemik kasalliklari, qon bosimining oshishi, ya’ni gipertoniya kasalligiga sabab bo‘ladi. Bularga qo‘shimcha ravishda, o‘tkir yurak yetishmovchiligi, miokard infarkti va insult kabi kasalliklar chekish asoratidan kelib chiqadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, insult holatlarining yoshlar orasida ko‘payishi kuzatilmoqda.

Har bir tamaki mahsuloti tarkibida yuzdan ortiq zararli elementlar mavjud bo‘lib, ulardan biri – nikotin. Shu bilan birga, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish jarayonida smola hosil bo‘ladi, bu esa nafas yo‘llariga tushib, ularni qoplab, salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Nafas yo‘llarining o‘tkazuvchanligi buzilishi tufayli bir qator kasalliklar yuzaga keladi”, deydi mutaxassis.
Barchaga ma’lumki, tamaki mahsulotlari inson hayoti uchun zararlidir. Faktlarga ko‘ra, undan chiqqan tutunning to‘rtdan bir qismi, ya’ni 25 foizi inson organizmida qoladi. Qolgan 75 foizidan esa atrofidagilar zarar ko‘radi. 

Mazkur noqonuniy sigaretalarni yoqish mobaynida ulardan chiqadigan tutun atrof-muhitni zararlaydimi, degan savol tug‘iladi. Boshqarma mas’ulining bildirishicha, sigaretalar yoqilayotgan qozonlarga maxsus filtrlar o‘rnatilgan. Ular chiqayotgan tutundagi zararli moddalarni ushlab qoladi. 

Shu o‘rinda to‘xtalib o‘tish joizki, yuqoridagi barcha ma’lumotlar o‘tgan 2024 yilda “yig‘ishtirib olingan” kontrabanda mahsulotlaridir. Joriy yilda ham qanchadan qancha shunday noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan tamaki mahsulotlari aniqlangan. Xususan, 2025 yilning shu davriga qadar 137 holatda 305 ming qutidan ortiq tamaki mahsulotlari ushlab qolingan. Albatta, hozirgi kunda bular bo‘yicha tergov va sud jarayonlari davom etmoqda. Ular bo‘yicha olingan ashyolar ham kelgusida yo‘q qilinishi nazarda tutiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent tamaki Bojxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing