Botir Sheralining o‘g‘li bo‘lib chiqdi
Madaniyat-san’at
−
11 Sentabr
18154Bugun, 11 sentyabr kuni Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida Botir Qodirovning da’vosi bo‘yicha sud ishi ko‘rib chiqildi va qaror o‘qib eshittirildi.
Mazkur sud qarori bo‘yicha Qodirovning o‘zi munosabat bildirib, sud adolatli o‘tgani va har doim O‘zbekiston sud tizimiga ishonib kelganini ma’lum qildi.
“Qaror odilona bo‘lganligidan xursandmiz. Men O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida sud tizimiga doim ishonganman va vatanimizda qonun ustuvor ekaniga hech qachon shubha qilmaganman”, dedi Botir Qodirov.
U ukasi Shohjahon Jo‘rayevning mol-mulk haqidagi gaplariga ham munosabat bildirib o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, Qodirovning bu suddan hech qanday moddiy manfaatdorligi yo‘q.
“Biz boshida ariza yozganimizda meros huquqlarimni ta’minlab berishlarini so‘raganman. Agar muddaoyim mulk bo‘lganda arizaga meros mulkiy huquqlarimni deya yozib bergan bo‘lardim.Meros huquqiga otaning nomi, uning suratlari, qo‘shiqlari kirishi mumkin. Masalan, oldin ham men qo‘shiqlarini aytganimda ulardan uyimga ogohlantirish xati kelardi. Men boshidanoq meros deyilganda mol-mulk tushunilishi-tushunilmasligi haqida so‘raganman. Unday emas”, dedi u.
Xo‘sh, endi ijtimoiy tarmoqlardagi tortishuvlar tugaydimi? Aka-ukalar o‘zaro kelishib olib, dushmanlik kayfiyatiga barham bera oladimi? Botir Qodirov xalqdan ukalarini kechirishni so‘ramoqda.
“Menda hech qachon ularga nisbatan dushmanlik kayfiyati bo‘lmagan. Ular yoshlik qilishdi, adashishdi. Xalqimizdan, muxlislarimizdan ularni kechirishni so‘rayman. Ularni shayton yo‘ldan urdi. Mening ularga nisbatan hech qanday adovatim ham, dushmanlik kayfiyatim ham yo‘q. To‘g‘ri, ular mening va onamning sha’niga juda ham xunuk gaplarni aytishdi. Hatto yaqin kunlarda ham xuddi shunday yolg‘on, tuhmat, bo‘htonlar aytilishda davom etdi. Bular bo‘yicha tegishli tashkilotlar shug‘ullanmoqda”, dedi Botir Qodirov.
Qolaversa, Qodirov Madaniyat vazirining “uch tirrancha Sherali Jo‘rayevning obro‘sini to‘kayotgani” haqidagi fikrlarini to‘g‘ri deb hisoblaydi.
“Vazirimizning gaplari to‘g‘ri bo‘lgan, albatta. Qaysidir ma’noda bu masalani o‘zimiz, o‘zaro oilaviy hal qilib olishimiz kerak edi. Men 6 oy davomida sudga kelib, gaplashib olishni aytib chaqirganimda ular rad etishdi. Aslida masala bu darajagacha kelishi kerak emas edi. Niyatim ham shu edi asli. Lekin onani gapirsa, kim jim tura oladi?” dedi u.
Shuningdek, u uni qo‘llab-quvvatlaganlarga o‘z minnatdorligini bildirdi.