Boshqa tilni o‘rganish miya qarishini 13 yilgacha sekinlashtirishi mumkin
Bu qiziq
−
06 iyul 1974 2 daqiqa
Bir nechta xorijiy tillarni bilish miya qarishini 6 yildan 13 yilgacha sekinlashtiradi. Bu haqda bugun, 6 iyul kuni Barselonada boshlangan Yevropadagi eng yirik neyrobiologiya konferensiyasida taqdim etilgan tadqiqot natijalarida keltirilgan.
Qayd etilishicha, ushbu tadqiqotda Ispaniya, Chili, Argentina va Dublin olimlari Basklar yurtida yashovchi odamlarda multilingvizm – kundalik hayotda ikki va undan ortiq tillardan foydalanishning ta’sirini o‘rganishga qaror qilgan. Ispaniya shimolidagi ushbu mintaqa aholisi uchun ko‘p tillilikning yuqori darajasi xos – mahalliy aholi u yerda ispan, bask, fransuz va yoki ingliz tillarida gaplashadi.
Olimlar Basklar yurtidan bo‘lgan 728 kishining miya faolligini o‘rganish uchun magnitoensefalografiya usulidan foydalangan holda nevrologik yoshini o‘lchagan. Bundan tashqari, boshqa hududlardan bo‘lgan, bir, ikki, uch yoki to‘rtta tilda gaplashadigan 144 kishidan iborat yana bir guruh alohida tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Natijada mutaxassislar quyidagi xulosaga kelgan: tillarni o‘rganish miya qarishini 13 yilgacha sekinlashtiradi. Ikkita tilni biladigan odamlarning miyasi faqat bitta tilda gaplashadiganlarnikiga qaraganda taxminan 6 yilga yoshroq ko‘ringan. Uchta tilni biladiganlarda miya taxminan 7 yilga, to‘rtta tilda gaplashadiganlarda esa 13 yilga yoshroq ekani aniqlangan.
“Oddiyroq aytganda, ko‘proq tilni biladigan odamlarning miyasi ularning xronologik (pasportdagi) yoshiga nisbatan kutilganidan ko‘ra yoshroq ko‘rindi”, deya tadqiqot natijalarini sharhlaydi Bask kognitiv tadqiqotlar, miya va til markazidan Lusiya Amoruzo.
Tilni yuqori darajada bilish va ikkinchi tilni ertaroq o‘zlashtirish ham miya qarishining sekinlashishi bilan bog‘liq bo‘lib chiqqan. Bu shundan dalolat beradiki, ko‘p tillilik tajribasi gradiyent sifatida ahamiyatga ega: gap shunchaki ikkita tilni bilish yoki bilmaslikda emas, balki til tajribasining chuqurligi va davomiyligidadir.
Shu bilan birga, Britaniyaning “The Guardian” gazetasi tadqiqotchilar miya qarishiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan boshqa omillar, masalan odamning turmush tarzi yoki ijtimoiy faolligining ehtimoliy ta’sirini hisobga olmaganini qayd etadi. Ikki va undan ortiq tilni biladigan odamlar sog‘lom turmush tarziga amal qilishlari mumkin, bu ham bunday yuqori ko‘rsatkichlarni tushuntirishi mumkin.
Amoruzo va uning jamoasi endilikda miya qarishi alohida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Alsgeymer kabi kasalliklardan aziyat chekayotgan odamlar bilan ham shunga o‘xshash ishlarni olib borish niyatida. Ular, shuningdek, kundalik hayotda ikki yoki undan ortiq bir-biriga juda o‘xshash tillarni bilish miyaga ko‘proq ta’sir qilishi mumkinligini o‘rganishni rejalashtirmoqda: yaqin qardosh tillardan foydalanish ko‘proq til nazoratini talab qilishi va natijada miyani yaxshiroq chiniqtirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt nevrologik kasalliklarni davolash uchun yangi dorilarni tezroq izlashda muhim vositaga aylanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi