Bosh vazirlar ish boshida. Qozog‘istonda toshqindan jabrlanganlarga uy qurish boshlandi
Olam
−
10 may 2020
11321O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Bosh vaziri Asqar Mamin Turkiston viloyatining Maqtaaral tumani Mirzakent posyolkasida uchrashdi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh vaziri saytida xabar berildi.
Hukumatlar rahbarlari Maqtaaral tumaninig suv toshqinidan zarar ko‘rgan Nurlijol, Orgebas, Firdovsi qishloqlarida bo‘lishdi va toshqin oqibatlarini bartaraf qilish ishlari bilan tanishishdi.
Hozirda hududda olib borilayotgan tozalash ishlariga 1300 dan ortiq odam va 220 ta texnika jalb qilingan. Jumladan O‘zbekistondan 200 nafar mutaxassis va 100 ga yaqin o‘t o‘chirish mashinasi, ekskavator, traktor, suv haydash nasosi va boshqa texnikalar yuborilgan.
Maqtaaral tumani Mirzakent posyolkasida Bosh vazirlar mikrorayon qurilishi rejasi bilan tanishib, mahalliy fuqarolar bilan uchrashgan va birinchi uylar qurilishi uchun poydevor qo‘yishda qatnashgan.
Mirzakentda O‘zbekiston va Qozog‘iston mutaxassislari hamkorligida Jenis, Janaturmis, va Dostik aholi yashash punktlaridagi 500 oila uchun uy, maktab, bolalar bog‘chasi va feldsherlik punkti qurish rejalashtirilgan.
Mamin va Aripov Firdovsi qishlog‘ida toshqindan zarar ko‘rgan uylarni tiklash ishlari bilan tanishib, mahalliy aholi bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi natijasida toshqin yuz berdi. Ofat qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyati Maqtaaral tumanidagi qishloqlarga ham zarar berdi. Qozog‘iston hukumati toshqindan jabrlanganlarga 100 ming tengeden yordam ajratishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi