O‘zbekistonda diniy tashkilotlar tashkil etish va tugatish tartibi o‘zgaradi
Jamiyat
−
15 may 2019
7664Kecha, 14 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Din va e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosini monitoring qilish bo‘yicha Ishchi guruhning navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning raisi Jasur Akromov “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi doirasida qo‘mita tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, Konfessiyalar ishi bo‘yicha kengashning nizomi tasdiqlandi. Mamlakat hududlarida, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida islomiy bo‘lmagan diniy tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o‘rinbosari Akbar Toshqulov yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish jarayoni haqida ma’lumot berdi.
Ushbu qonun loyihasining maqsadi qonun normalarini 1966 yil 16 dekabrdagi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga muvofiqlashtirish, diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, davlat ro‘yxatidan o‘tishni rad etishning muayyan asoslarini aniqlash, ushbu sohadagi vakolatli davlat organlarining vakolatlarini, sud tartibida diniy tashkilot faoliyatini to‘xtatishni, diniy tashkilotlarning rejalashtirilgan faoliyati to‘g‘risida xabardor qilish tartibini, diniy adabiyotlarni tayyorlash va tarqatish tartibini belgilashdir.
Qonun loyihasi diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish tartibi diniy tashkilotlarni tashkil etish uchun tashabbuskorlar sonining 100 kishidan 50 kishigacha qisqarishini, shuningdek, diniy ta’lim muassasalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirilishini ko‘zda tutadi.
Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kelish va tarqatish sohasidagi tartibni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qaroriga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatga olish, tugatish tartibini yanada maqbullashtirish va soddalashtirish bo‘yicha xalqaro ekspert tavsiyalarini hisobga olgan holda, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish ularning markaziy organlari uchun davlat boji besh marta – EKIH ning 100 baravaridan 20 baravarigacha va diniy tashkilotlarning o‘zi uchun 50 dan 10 gacha qisqartirildi. Ro‘yxatga oluvchi organga hisobot berish tartibi va muddati yiliga bir marta hisobot taqdim etish talablarini belgilash yo‘li bilan soddalashtirildi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning vakolatlaridan diniy tashkilotlarni tugatish huquqi chiqarib tashlandi, diniy tashkilot faoliyatini sud tartibida to‘xtatish belgilandi.
Ishchi guruh yig‘ilishida Din va e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish doirasida boshqa masalalar ham muhokama qilindi, manfaatdor shaxslarning savollariga javoblar qaytarildi.
2019 yilda “Yo‘l xaritasi”da belgilangan tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha Ishchi guruhning tegishli qarori qabul qilindi.
LiveBarchasi