Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

Jamiyat

image

Bugun, 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida dastlab bir guruh deputatlar tomonidan tashabbus qilingan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ma’lum qildi.

Mazkur Konsepsiya loyihasini qonun bilan tasdiqlash nazarda tutilgan. Majlisda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini kafolatlashda mustahkam zamin bo‘lgan.

"O‘zbekiston uchun haj kvotasi 3 barobar oshirildi, umra ziyoratiga kvotalar to‘liq bekor qilindi. Natijada Saudiya Arabistoniga qariyb 800 ming musulmonlar haj va umra ziyoratini amalga oshirish uchun borishdi. Diniy ta’lim tizimi rivojlanishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 4 ta oliy islom ta’lim muassasasi, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, jumladan, 2 ta ayollar madrasasi, shuningdek, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat ko‘rsatmoqda", deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ijtimoiy munosabatlarga muayyan bir dinga xos qoidalarni joriy etish, ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qo‘yish, ijtimoiy axloq normalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan foydalanishga bo‘lgan huquqlarni cheklashga qaratilgan g‘oya va qarashlar tarqalishi holatlari uchramoqda.

"Ayni paytda tashabbus qilingan hujjat bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash taklif etilmoqda", deyiladi xabarda.

Hujjatga ko‘ra, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi – fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat.

Shuningdek, konsepsiyada belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalarining qarori bilan parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.

"Konsepsiyaning qabul qilinishi va sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, dunyoviylikni turlicha talqin qilinishini hamda buzilishining oldini olishga, mamlakat aholisining, ayniqsa yoshlarning salohiyatini yuksaltirishga, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining totuvligini ta’minlashga xizmat qiladi", deyiladi xabarda.

Konsepsiya loyihasi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi hamda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish borasida tegishli qaror qabul qilindi. Hujjat Qonunchilik palatasi rasmiy saytida e’lon qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

din vijdon erkinligi diniy sohadagi davlat siyosati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing