Bosh vazir ham Rossiya elchixonasiga borib ta’ziya bildirdi
Jamiyat
−
25 mart
4389Bugun, 25 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiya Federatsiyasining Toshkentdagi elchixonasiga tashrif buyurib, elchi Oleg Malginov orqali butun Rossiya xalqiga ta’ziya bildirdi. Bu haqda Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bosh vazir avvalroq Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustinga Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” majmuasida sodir bo‘lgan terakt oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va og‘ir jarohat olgani munosabati bilan hamdardlik maktubini yuborgan.
Ma’lumot uchun, 22 mart kuni kechasi Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl”da terakt sodir bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 22 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putinga ta’ziya xati yo‘llagan edi. O‘zbekiston TIV Moskvada sodir etilgan teraktni qoraladi. 23 martda Shavkat Mirziyoyev Putinga qo‘ng‘iroq qilib, yana bir bor chuqur hamdardlik bildirdi. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva esa Rossiya Federal Kengashi Raisi Valentina Matviyenko va Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodinga ta’ziya maktubini yo‘lladi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov, uning birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Ulug‘bek Inoyatov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va qator rasmiylar ham terakt munosabati bilan ta’ziya bildirish maqsadida Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga bordi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr