Bosh prokuratura Sirdaryoda shifkorlarning kaltaklanishi tafsilotlarini ochiqladi

Jamiyat

image

Avvalroq, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limiga qarashli “Birlashgan” tez tibbiy yordam shoxobchasi navbatchi vrachi va navbatchi feldsheri 6 nafar mast kishi tomonidan kaltaklangani haqida xabar bergan edik. Voqea kecha, 4 iyun kuni sodir bo‘lgan.

Shundan so‘ng, Mazkur holat bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy munosabat bildirib, O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevga murojaat yo‘lladi.

Bugun, 5 iyun kuni Sirdaryo viloyat prokuraturasi hodisani o‘rganib chiqdi va quyidagilarni QALAMPIR.UZ’ga taqdim etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 3 iyun kuni kech soat 23:30 larda Sayxunobod tumani, “Do‘stlik” mahallasida joylashgan “Qodir” ismli shaxsga tegishli baliq ko‘lida qorovul vazifasida ishlovchi A.Babayev ko‘lga tushib, o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida oyog‘idan tan jarohati olgan.

Shu vaqtda uning yonida bo‘lgan, o‘zi bilan bir mahallada yashovchi tanishi Eldor Nosirov (1993 y.t) tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, tez tibbiy yordamni chaqirtirgan. Shundan so‘ng, yo‘lga chiqqan navbatchi feldsher V.Nurov undan aniq manzilni so‘raganida, Eldor Nosirov mast bo‘lganligi sababli, feldsher Alijon Nurov bilan telefonda tortishib qoladi. Tez tibbiy yordam avtomashinasi aytilgan manzilga yetib kelgan vaqtida, Eldor Nosirov navbatchi feldsher Alijon Nurovni qo‘llari va oyoqlari bilan tanasining turli joylariga urib tepib, unga tan jarohati yetkazadi.

Ushbu holatni ko‘rib, feldsher bilan birga kelgan navbatchi shifokor Jo‘ramirza Ochilov ularni ajratmoqchi bo‘ladi. Eldor Nosirov uni ham qo‘llari va oyoqlari bilan tanasining turli joylariga urib va tepib, tan jarohati yetkazadi.

Oqibatda, navbatchi feldsher Alijon Nurov va shifokor Jo‘ramirza Ochilov olgan tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialining travmatologiya bo‘limiga joylashtiriladi.

“Dastlabki tibbiy ma’lumotga ko‘ra, feldsher Alijon Nurovda bosh miya yopiq jarohati, burun suyagi sinishi, o‘ng qo‘l beshinchi panja barmog‘ining yopiq sinishi va shifokor Jo‘ramirza Ochilovda bosh miya yopiq jarohati, o‘ng qosh yorilishi, peshona suyagining yorilgan jarohati mavjudligi aniqlangan”, Sirdaryo viloyati prokuraturasi bergan xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Sayxunobod tumani IIB huzuridagi TG tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra, 5 iyun kuni Eldor Nosirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Ma’lum qilinishicha, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. Viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi tergovi alohida nazoratga olingan bo‘lib, natijasi haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo shifokor

Baholaganlar

237

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing