Bosh prokuratura Gulnora Karimovaga bog‘liq xabarlarni rad etdi
Jamiyat
−
07 iyun 2019
6363Oldinroq, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati, Jenevadagi Mangeat Attorneys at Law advokatlik idorasi egasi va rahbari Greguar Manja o‘z mijozining qamoqxonada tibbiy muolaja olishdan bosh tortayotgani haqida ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaning davolanishdan bosh tortayotgani va uning oldiga shifokorlarning qo‘yilmayotgani haqida xabarlarni rad etdi. Mahkama matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonovaning QALAMPIR.UZ muxbiriga ma’lum qilishicha, hozirgi paytda Gulnora Karimovaning oldiga shifokorlarning kirishi uchun hech bir to‘sqinlik yo‘q.
“Karimovaga tibbiy muolaja zarurati bo‘lsa, barcha kerakli choralar ko‘riladi. Hozirda G.Karimovaning sog‘lig‘i holati qoniqarli, bu borada hech bir e’tiroz bildirilgani yo‘q”, deydi Surayyo Rahmonova.
Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova 5 mart kuni o‘z uyida hibsga olinib, jazoni o‘tash uchun umumiy tartibli koloniyaga olib ketilgandi.
Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
LiveBarchasi