Borrel Putin va Lukashenkoni javobgarlikka tortishga va’da berdi
Olam
−
10 Oktabr 2022
9862Yevrokomissiya vitse-prezidenti, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel Yevropa Ittifoqi Rossiya va Belarus rahbariyatini Ukrainaga raketa hujumlari uchun javobgarlikka tortishiga va’da berdi. Bu haqda Borrelning Yevropa tashqi harakatlar xizmati saytidagi bayonotida aytiladi.
Qayd etilishicha, Borrel Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitri Kuleba bilan telefon orqali suhbatlashib, Rossiyaning so‘nggi yoppasiga qilgan hujumlarini muhokama qilgan.
“Oliy vakil Borrel Rossiya tomonidan Ukrainaning bir qancha shahar va viloyatlarida, jumladan, Kiyev markazi, Kiyev viloyati, Dnepr, Ivano-Frankovsk, Xarkov, Xmelnitskiy, Kirovograd, Lvov, Nikolayev, Sumi, Ternopol, Vinnitsa, Zaporoje va Jitomir viloyatlarida tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga uyushtirilgan dahshatli hujumlarni keskin qoraladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, bular faqat fuqarolik infratuzilmasiga, jumladan, uylar, ko‘chalar, bog‘lar, bolalar maydonchalari va boshqa jamoat joylariga, ertalabki tirbandlik vaqtida ish va maktabga ketayotgan begunoh fuqarolarga qaratilgan vahshiyona va qo‘rqoqcha hujumlardir.
Borrel Rossiya raketa hujumlari qurbonlari, ularning oila a’zolari va Ukraina xalqiga hamdardlik bildirdi.
“Rossiya bu hujumlar bilan maksimal darajada zarar yetkazishni maqsad qilgan. Tinch aholini maqsadli o‘qqa tutish xalqaro gumanitar qonunlarga ko‘ra taqiqlangan va urush jinoyati hisoblanadi”, deyiladi bayonotda.
Borrel, shuningdek, Rossiyaning siyosiy va harbiy rahbariyati va ularning sheriklari – Belarusdagi Lukashenko rejimi, shuningdek, Ukrainada sodir etilgan ushbu va boshqa harbiy jinoyatlarda aybdor va ishtirok etgan barcha shaxslar javobgarlikka tortilishini aniq ta’kidladi.
“U Yevropa Ittifoqi Belarus hukumati tajovuzkor emas, qurbon bo‘lgan Ukrainani Belarus hududiga hujum uyushtirishni rejalashtirganlikda qanday qilib yolg‘on ayblaganini ko‘rganini ta’kidladi. Bunday asossiz ayblovlar mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Lukashenko Belarus va Rossiya qo‘shma mintaqaviy kuchlar guruhi joylashtirilishini e’lon qilganligi sababli, Borrel Belarus hukumatini Belarusning ushbu shafqatsiz noqonuniy tashabbusga qo‘shilmasligini va ayniqsa, Belarus hududidan Ukraina tinch aholisiga qarshi hujumlar uchun tramplin sifatida foydalanishga ruxsat berishni darhol to‘xtatishga chaqirdi..
Shu bilan birga, YeIning oliy vakili Ukraina xalqining Rossiyaning agressiv urushiga qarshi turishdagi kuchi, jasorati va qarshiligini qayd etdi. U kuchli birdamlik bilan Ukraina tomonida ekanligini bildirdi. Borrelning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga siyosiy, harbiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatishda davom etadi.