Borrel Xitoyga borishi kutilmoqda

Olam

image

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel joriy yilning aprel oyi o‘rtalarida Yaponiyaga G7 Tashqi ishlar vazirlari sammitiga ketayotib, Pekinda to‘xtashi kutilmoqda. Bu haqda bugun, 24 mart kuni diplomatik manbalarga tayangan holda “South China Morning Post” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, tashrifning aniq sanasi hozircha noma’lum. Biroq Borrelning Xitoyga borishiga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Yevropa Ittifoqi rahbarlariga qilgan murojaati sabab bo‘lgani taxmin qilingan.

Qayd etilishicha, kecha, 23 mart kuni YeI sammitida BMT Bosh kotibi Yevropa Ittifoqi rahbarlarini Xitoyni yakkalab qo‘ymaslikka chaqirgan. U Yevropa Ittifoqini munosabatlari yomonlashganiga qaramay, Pekin bilan hamkorlik qilishga taklif qilgan. Guterrish ittifoq mamlakatlarini Xitoy Yevropaga ijobiy munosabatda ekani va shu munosabatlarni saqlab qolish niyatidaligiga ishontirishga uringan.

Ta’kidlanishicha, Xitoy mavzusi Yevropa Ittifoqi sammiti kun tartibiga kiritilmagan, biroq a’zo mamlakatlar vakillari Pekin siyosatiga oid masalalarni muhokama qilgan. Xususan, tadbirda savdo va Ukrainadagi vaziyat haqida so‘z borgan. Yevropa Ittifoqining ayrim yetakchilari esa Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan shaxsan uchrashganida Rossiya Federatsiyasiga harbiy yordam bermasligi uchun Pekinga bosim o‘tkazish ish berishiga ishonchlari komil emasligidan xavotir bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Xitoy Jozep Borrel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing