Boris Jonson Putindan “ortga chekinish”ni talab qilmoqchi
Olam
−
31 yanvar 2022
10389Bugun, 31 yanvar kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson va Rossiya Prezidenti Validmir Putin o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Muloqot davomida Britaniya Bosh vaziri Putinga “chegaradan ortga chekinish” talabini qo‘yishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, bugun Ukrainadagi tahlikali vaziyat yuzasidan Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik Kengashining uchrashuvi o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Uchrashuv o‘tkazilishiga qarshi chiqqan Rossiya va Xitoy vakillari ham unda ishtirok etadi.
Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya, Rossiya agressiyasiga qarshi o‘tkazilayotgan Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini qoralab, uni mamlakatning ichki ishlariga aralashish deya baholagan. BMTdagi Xitoy vakili esa Rossiya-Ukraina masalasini diplomatik yo‘l bilan bartaraf etish tarafdori ekanini aytib, Kengash uchrashuviga qarshiligini bildirgan.
O‘z navbatida Kreml ham bugun Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tishi haqida ma’lum qilgan.
Kiyevning G‘arbdagi ittifoqchisi sanalgan Britaniya vaziyat keskinlashgan ilk kunlardanoq hushyorlikni oshirib, Ukrainaning tarafini olib kelmoqda. Shu kunga qadar mamlakat xavfsizligini ta’minlash borasida Britaniya Ukrainaga qurol-yaroq va harbiy texnikalar yetkazib bergan.
Bundan tashqari, u Ukraina bilan chegara hududida 100 mingdan ortiq qo‘shin to‘plagani aytilayotgan Kremlni bir necha bor ogohlantirib kelmoqda.
Boshqa tomondan esa chegara hududida harbiy harakatlar olib borayotgan Rossiya Ukrainaga hujum uyushtirishi haqidagi barcha iddaolarni inkor qilgan.
AQSH ortidan Britaniya ham Rossiya hukumati vakillari va mamlakat elitasiga qarshi sanksiyalar joriy qilish haqida ogohlantirish berdi. Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Britaniyaning rus elitasi va oligarxlariga qarshi sanksiya joriy qilish haqidagi qarorini olqishlagan. Unga ko‘ra, ushbu cheklovlar Rossiya rasmiylarini “shoshilinch qaror qabul qilish”dan tiyib turadi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval AQSH Prezidenti Jo Bayden Administratsiyasi Rossiya Ukrainaga hujum qiladigan bo‘lsa, rus elitasi vakillari, oligarxlar va ularning oilariga qarshi joriy qilinadigan sanksiyalar paketi haqida e’lon qilgan edi.
Behruz Saidov
LiveBarchasi