Bomba ustida yuribmiz. Senator avtobuslardagi gaz ballonlar texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaganini aytdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan MAN A22 CNG rusumli avtobuslarga o‘rnatilgan gaz ballonlari shu vaqtga qadar texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan. Ular shu alfozda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov 23-yalpi majlisda aytib o‘tdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 oktyabrdagi “Avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish va avtotransport vositalarini siqilgan tabiiy gazga bosqichli o‘tkazish hamda ularda gazballon asbob-uskunalarini xavfsiz ishlatishni ta’minlash qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 815-sonli qarorining o‘n ikkinchi bandida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan MAN A22 CNG  rusumli avtobuslarga istisno tariqasida, “SPG-3” tipidagi gaz ballonlarni o‘rnatishga va foydalanishga ruxsat berilgan. 

Shuningdek, ushbu banda O‘zavtosanoat aksiyadorlik jamiyati qoshida zamonaviy sinov texnologiyalarini tashkil etish, keyinchalik, zarur uskunalar bilan jihozlash va “SPG-3” tipidagi gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish va Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan akkreditatsiyadan o‘tkazish belgilangan. Biroq, shu kunga qadar mutasaddi tashkilotlar tomonidan “SPG-3” tipidagi gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tegishli laboratoriyalar tashkil etilmagan. Oqibatda “SPG-3” gaz ballonlari bilan jihozlagan MAN A22 CNG avtobuslari 2018 yildan hozirga qadar texnik sinovdan o‘tkazilmagan holda aholiga xizmat ko‘rsatmoqda”, deydi Qutbiddin Burxonov.

O‘zbekiston Mudofaa xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi so‘zida davom etib, yuk va yo‘lovchi tashuvchi avtotransport vositalardagi gaz ballonlar texnik vositalarsiz, ko‘z bilan texnik ko‘rikdan o‘tkazilayotganini tanqid qildi. 

“Bundan tashqari, bugungi kunda yuk va yo‘lovchi tashuvchi avtotransport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlari texnik sinovdan o‘tkazish laboratoriyalarida gaz ballonni yechish imkoniyati mavjud emas. Natijada gaz ballonlar ko‘z bilan texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda”, deydi Mudofaa xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi.

Yalpi majlisda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, 2021 yilda avtotransport vositalariga noqonuniy (amaldagi texnik reglament talablariga javob bermaydigan) gaz moslamasi o‘rnatilganligi bilan bog‘liq 2 928 ta holat aniqlangan bo‘lib, bu 2020 yilga nisbatan 61 foiz ko‘pdir.

O‘tgan yilda gaz ballonlari o‘rnatilgan transport vositalarida 14 ta portlash hamda 2 ta yong‘in chiqish holatlari sodir bo‘lib, ularda 9 nafar fuqaro jarohatlangan va 14 nafari halok bo‘lgan.

Gaz ballonlarini avtomobillarga o‘rnatish va tegishli uskunalarni sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik sub’ektlari faoliyati ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilmagan. Gaz ballonlarining texnik sinovdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida qalbaki dalolatnomalar rasmiylashtirish holatlari mavjud.

Xususan, 2021 yilda 36 nafar yuridik va jismoniy shaxs avtotransport vositalariga qonunchilik talablariga zid ravishda gaz ballonlarini o‘rnatish va sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan.

Gaz ballonlarining texnik sinovdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida qalbaki hujjatlarni tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan 16 nafar jismoniy va yuridik shaxs aniqlangan.

Ushbu masalalar yuzasidan senatorlar Hukumatga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

72

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing