Boludagi yong‘in ortidan Antaliyada 50 ta mehmonxona yopildi
Olam
−
31 yanvar
2062Turkiya hukumati Boludagi tog‘-chang‘i kurortida yuz bergan fojia ortidan mehmonxona biznesiga nisbatan keng ko‘lamli tekshiruvlarni o‘tkazmoqda. Antaliyada allaqachon 50 ta mehmonxona, jumladan, turistlar ko‘p tashrif buyuradigan Kaleichi hududidagi mehmonxonalar ham litsenziya yo‘qligi va xavfsizlik me’yorlariga rioya qilinmagani sababli yopilgan. Bu haqda “Gazete memur” xabar berdi.
Qayd etilishicha, tekshiruvlar turli idoralar, jumladan, Turkiya Turizm vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda va qoidabuzarlarga nisbatan mehmonxonalarni yopish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.
Xuddi shunday choralar Istanbulda ham ko‘rilmoqda. Shahar hokimi Dovut Gul hafta oxirigacha litsenziyasiz ishlayotgan barcha mehmonxonalar yopilishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar qarorni kechiktirish niyatida emas va yaqin kunlarda barcha noqonuniy mehmonxonalar yopiladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu ommaviy tekshiruvlar joriy yil 21 yanvar kuni Grand Kartal mehmonxonasida yuz bergan yong‘in ortidan boshlangan bo‘lib, fojia oqibatida 78 kishi, jumladan, bolalar halok bo‘lgan, 50 dan ortiq odam jarohatlangan. Yong‘in sodir bo‘lgan paytda mehmonxonada 238 nafar mehmon bo‘lgan. Tergov doirasida 28 kishi hibsga olingan, shundan 19 nafari, jumladan, mehmonxona egasi, boshqaruvchisi va Bolu shahar hokimiyati mansabdorlari qamoqqa olingan.
LiveBarchasi