Boltiqbo‘yi davlatlari Londondagi sammitga chaqirilmadi
Olam
−
01 mart
9904Buyuk Britaniya joriy yilning bugun, 2 mart kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan Ukraina bo‘yicha sammitga Latviya, Litva va Estoniyani taklif etmadi. Bu qaror Boltiqbo‘yi davlatlarining jiddiy noroziligiga sabab bo‘lgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Sky News” xabar beradi.
“Bizga nafaqat AQSH, balki Buyuk Britaniya va Fransiya ham xiyonat qildi”, degan manba anonimlik sharti bilan.
Nashr manbasining so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Latviya, Litva va Estoniya yetakchilari bilan telefon orqali muzokara o‘tkazishni rejalashtirgan, biroq bu ularning sammitda ishtirok etmasligini o‘rnini bosa olmaydi.
“Biz Boltiqbo‘yi davlatlari yetakchilari taklif etilmaganidan nihoyatda norozi bo‘ldik”, deya ta’kidlagan u.
Manbaga ko‘ra, sammitni tashkil etishda Fransiya ham faol ishtirok etmoqda. Uchrashuv davomida Ukrainaga qo‘shimcha yordam va xalqaro tinchlikparvar kuchlar tashkil etish imkoniyati muhokama qilinadi. Ushbu kuchlar AQSH Kiyev va Moskva bilan kelishuvga erishsa, Ukraina hududida joylashtirilishi mumkin. Sammitning asosiy mavzularidan yana biri Yevropa xavfsizligi bo‘ladi. Bu masala ayniqsa, AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropa NATO ittifoqchilari o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun ko‘proq mas’uliyat olishi va AQSH harbiy qudratiga suyanmasligi kerakligini bildirganidan keyin dolzarblashdi.
Taklif etilgan mamlakatlar ro‘yxatiga Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya va Polsha kirgan. Biroq “Sky News” manbasining ta’kidlashicha, Xelsinki va Varshava oldinroq Ukraina hududiga xalqaro tinchlikparvar kuchlar tarkibida o‘z qo‘shinlarini yuborish niyatida emasliklarini ochiq aytgan. Shunga qaramay, manbaning qayd etishicha, Boltiqbo‘yi davlatlari o‘z rejasini ishlab chiqqan.
“Latviya, Litva va Estoniya Ukraina eng faol tarafdorlari qatorida turadi, agar ularning iqtisodiy hajmini va Kiyevga berayotgan harbiy yordamlarini hisobga olsak. Sammitda qabul qilinadigan har qanday qaror bevosita bizning xavfsizligimizga ta’sir qiladi”, dedi diplomat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va uning amerikalik mavqedoshi Donald Tramp o‘rtasidagi janjalli muzokaralardan so‘ng AQSHning Merilend shtatidagi harbiy bazadan havoga ko‘tarilgan Ukraina hukumati samolyoti London aeroportiga qo‘ngani xabar qilingandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

