Bolgariya Prezidenti ham rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi
Jamiyat
−
08 iyun 2025 6172 1 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Bolgariya Prezidenti Rumen Radev joriy yilning 9-11 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, ikki mamlakat yetakchilarining muzokaralari, rasmiy va ishbilarmonlik tadbirlari o‘tkazilishi, qator ikki tomonlama bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston va Bolgariya Prezidentlari o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirish, shu jumladan tovar ayirboshlash hajmini oshirish, agrosanoat majmui, farmatsevtika tarmog‘i, konchilik, raqamlashtirish sohalarida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, turizm va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqadi.
Bolgariya yetakchisi Rumen Radev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso joriy yilning 8-10 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi