Bolaligimdan Nodirbek bilan shaxmatda o‘zaro raqobat bor – Sindorov
Sport
−
30 mart 2023
7226Kecha, 29 mart kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha “Rustam Qosimjonov xalqaro turniri” yakunlandi. Ikki kun davomida o‘tkazilgan turnir 9 ta turdan iborat bo‘ldi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, “Masters” guruhida o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Turnir starti avvalida ko‘pgina shaxmat ishqibozlari g‘oliblik uchun aynan Sindorov va rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovning imkoniyati yuqori ekanligini ta’kidlagandi. Haqiqatdan ham musobaqaning dastlabki kunidayoq ikkala shaxmatchi bir xil ochko to‘plagan holda yetakchilikni qo‘lga oldi, ammo ikkinchi kungi bahslarda Abdusattorovga biroz omad yetishmadi. Sindorov esa muhim ochkolarni qo‘lga kiritib, yakunda turnir g‘olibi bo‘ldi.
Javohir Sindorov QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida Nodirbek Abdusattorov bilan shaxmatdagi raqobati haqida fikr bildirdi.
“Bolaligimdan Nodirbek bilan o‘rtamizda shaxmat bo‘yicha raqobat bor. 7-8 yoshimdan O‘zbekiston chempionatlarida Abdusattorov bilan o‘zaro kuch sinashib kelamiz. O‘ylashimcha, O‘zbekistonda o‘tayotgan turnirlarda u bilan raqobat hosil qilishimiz ijobiy holat. Bu ikki tomonning shaxmatdagi potensiali ortishiga hissa qo‘shadi, lekin xorijdagi musobaqalarda biz Nodirbek bilan o‘zaro maslahatlashib, bir-birimizga yordam beramiz. O‘zbekistondagi raqobat bu normal holat. G‘alaba bir u, bir men tarafda bo‘ladi. Sportda doim bir kishi yutavermaydi, men bu holatga ancha oldin ko‘nikkanman”, deydi Sindorov.
Eslatib o‘tamiz, “Rustam Qosimjonov xalqaro turniri”da zafar quchgan Sindorov tashkilotchilar tomonidan 12 ming, musobaqada 5-o‘rinni egallagan Abdusattorov esa 4,5 ming AQSH dollari bilan mukofotlandi.
LiveBarchasi