Bolaga haqqini talab qilishni o‘rgatmaslikni aytgan Samarqand XTB bo‘lim boshlig‘i ishdan bo‘shatildi
Jamiyat
−
19 yanvar 2022
12069Samarqand viloyatining Nurobod tumanida “Bir million dasturchi” loyihasida birinchi o‘rin olgan o‘quvchiga ishlatilgan noutbuk sovg‘a qilingani haqida xabar bergandik.
Muhokamalarga sabab bo‘lgan holatni o‘rganish jarayonida “bolaga tarbiya bermoqchi bo‘lsak, uning o‘z haqqini talab qil deb o‘rgatmaslik kerak”, degan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid G‘oziyev vazifasidan ozod etildi.
Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘iga ko‘ra, Xurshid G‘oziyev o‘z arizasiga ko‘ra ishdan olingan.
Pedagog nurobodlik o‘quvchiga va’da qilingan sovrin berilmagani yuzasidan o‘tkazilayotgan o‘rganish davomida “bolaga o‘z haqqingni talab qil deyish kerak emas” deb aytgandi.
“Biz bunaqa yo‘nalishni tanlamasligimiz kerak. Har bir ota-onaga, jurnalist va blogerlarga tavsiyam: bolaga ertaga o‘zingni haqqingni talab qil, mana bunaqa ishlarni amalga oshir emas, yaxshi-yaxshi yo‘llarni o‘rgatsak, ular ertaga kelajakda o‘z o‘rnini topib ketadi. Bunaqangi yo‘l bilan haqqini ajratib olishni men to‘g‘ri deb o‘ylamayman”, degandi Xurshid G‘oziyev.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi maktablardan birining 8-sinf o‘quvchisi “Bir million dasturchi” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lgan Sardor Sattorov va’da qilingan yangi noutbuk o‘rniga eskisi bilan taqdirlangandi. O‘quvchi nohaqlikka uchraganini aytib, videomurojaat yo‘llashi ortidan bu masala ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Keyinroq IT-park tanlov g‘oliblarini taqdirlash bilan bog‘liq muammo bartaraf etilganini, unga yangi noutbuk sovg‘a qilinganini bildirdi.
Ammo o‘quvchiga nisbatan nohaqlik qilinishi ortidan Nurobod tumani Xalq ta’limi bo‘limi ta’lim jarayoniga AKTni joriy etish sho‘’basi bosh mutaxassisi Asliddin Dangalov ishdan olindi. Nurobod tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Navro‘zbek Jaloliddinovga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasi (intizomiy jazolar) 1-bandiga asosan “hayfsan” oldi.
LiveBarchasi