Bola asrab olish tartibi soddalashtirilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda jinoyat sodir etib, jazo o‘tagan shaxslar ham bolalarni farzandlikka va vasiylikka olishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Oila kodeksi hamda “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunda nazarda tutilgan.

Tegishli qonun bugun, 30 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining 19 yalpi majlisida muhokama qilingan. Unga ko‘ra, endilikda ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir hisoblanmaydigan hamda farzandlikka olishga to‘sqinlik qilmaydigan jinoyat turlarini sodir etib, jazo muddatini o‘taganlarga nisbatan farzandlikka va vasiylikka olish imkoniyati yaratiladi.

Bolaning eng ustuvor manfaatlarini hisobga olgan holda, farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonunning amaldagi tahririda quyidagilar vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin emas edi:

•  ota-onalik huquqidan mahrum etilgan yoki ota-onalik huquqlari cheklangan shaxslar;
•  sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
•  sobiq farzandlikka oluvchilar, agar farzandlikka olish ularning o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi, ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilganligi, farzandlikka olinganlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lganligi, surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lganligi oqibatida bekor qilingan bo‘lsa;
•  o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi yoxud o‘z huquqlarini suiiste’mol qilganligi uchun vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar;
•  qasddan sodir etgan jinoyati uchun ilgari hukm qilingan shaxslar;
•  vasiy yoki homiy etib tayinlanishiga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslar.

Voyaga yetgan fuqarolar faqat o‘z roziligiga ko‘ra vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

370

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing