“Bokschilardan nimasi kam!?”. Shaxmatchilarga avtomobil va davlat mukofoti beriladi

Jamiyat

image

Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempionlikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik shaxmatchilarga davlat mukofoti va avtomobil beriladi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 avgust kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutiga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.

“Ularga katta mukofotlar bersak boshqalar uchun ham bu motivatsiya bo‘ladi. Hamma ota-onalar farzandlarini shaxmat to‘garaklariga berishni boshlaydi. Ularga davlat mukofotlarini ham beramiz. Bundan tashqari, avtomobil berishni ham rejalashtirdik. Axir ularning bokschilardan nimasi kam!?”, deydi davlat rahbari.

Shuningdek, Prezident joriy yilning 5 avgust kuni imzolagan qaroriga binoan shaxmatchilarga 600 million so‘mdan mukofot berilishini qo‘shimcha qildi.

“Shaxmatga oid 3 yilda uchta qaror qabul qildim. Nima uchun? Biz 20 yil davomida bu sohada kechikkanimiz uchun qarorlarni qabul qildim. 2026 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasiga endi barcha boshqacha tayyorgarlik ko‘radi. “Biz chempionlar yurtiga boryapmiz”, deyishadi”, deydi Mirziyoyev. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yil O‘zbekiston tarixda birinchi marta shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi ushbu Olimpiada davomida biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘ldi.

Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasining so‘nggi turida O‘zbekiston erkaklar jamoasi Niderlandiya terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratdi.

Yagona g‘alaba Jahongir Vohidovga tegishli bo‘ldi. Jahongir Vohidov Maks Varmerdam bilan kechgan partiyada O‘zbekistonga uzoq kutilgan chempionlikni olib keldi.

O‘zbekiston terma jamoasi sharafi himoya qilgan yana bir shaxmatchi – Nodirbek Yoqubboyev Yorden van Forest bilan kechgan partiyada, Nodirbek Abdusattorov esa Anish Kumar Giri bilan murosa ko‘chasini tanlashdi. Shuningdek, Javohir Sindorov Bok Benjaming bilan uchrashuvda durrangga imzo chekdi.

O‘zbekiston Niderlandiya termasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Ma’lumot uchun, 1992 yil Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston vakillari kumush medallarni qo‘lga kiritgandi.


Maqola muallifi

Teglar

shaxmatchilar

Baholaganlar

870

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar