Jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilov hakamlar qarori bilan Olimpiadani tark etdi
Sport
−
28 iyul 2021
36343Boks bo‘yicha -57 kg vazn toifasida Osiyo va Jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilov Tokio Olimpiadasining ilk davrasida mag‘lubiyatga uchradi. U Yevropa chempioni hisoblangan irlandiyalik Entoni Uolkerga qarshi ringga ko‘tarilib, hakamlarning qaroriga ko‘ra imkoniyatni boy berdi.
Mirzahalilov bahs davomida katta ustunlikka erishganiga qaramay, dastlabki ikki raund Uolker foydasiga “hal qilindi”, jangni esa faqatgina nokaut evaziga qutqarib qolish mumkin bo‘lib qoldi. Biroq referi, hatto, nokdaun holatini ham qayd etmadi. Tabiiyki, so‘nggi raund faqatgina rasmiyatchilikka aylanib qoldi va O‘zbekiston delegatsiyasi potensial oltin medaldan mahrum bo‘ldi.
Mirzahalilov so‘nggi ikkita xalqaro musobaqada imkoniyatni boy berdi. Unga qadar barcha janglarda g‘alaba qozonib kelayotgan edi. Olimpiya o‘yinlarida appellyatsiya berish mumkin emas. Mazkur qoida faqat AIBA bayrog‘i ostida o‘tkaziladigan musobaqalarda amal qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, farg‘onalik bokschi avvalgi jangini joriy yilning may oyida Osiyo chempionatining finalida o‘tkazgan va yaqqol ustunlikka erishgan bo‘lsa-da, hakamlarning qaroriga ko‘ra, imkoniyatni boy bergan edi.
LiveBarchasi