Boks. To‘rabek Habibullayev raqibini texnik nokautga uchratdi (video)
Sport
−
29 Sentabr 2023
5735Xitoyning Xanchjou shahrida davom etayotgan Osiyo o‘yinlarining bugungi kun dasturidan o‘rin olgan boks bahslarida shu vaqtga qadar 4 nafar o‘zbekistonlik bokschi ringga ko‘tarildi. QALAMPIR.UZ jurnalisti Shaxzod Shukurovning xabar berishicha, ularning ikki nafari mag‘lubiyatga uchragan, ikki nafari esa g‘alabaga erishgan.
Unga ko‘ra, -80 kilogramm vaznda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan To‘rabek Habibullayev Osiyo o‘yinlaridagi ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. U Saudiya Arabistoni vakili Muhammad Alsubhi bilan jangda katta ustunlikka erishdi va texnik nokaut evaziga g‘alaba qozondi.
-92 kg vazn toifasida O‘zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilayotgan Lazizbek Mullojonov esa musobaqani tark etdi. Chorak finalda xitoylik Suyechjen Xanga qarshi ringga ko‘tarilgan Mullojonov 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Shuningdek, Sitora Turdibekova ham o‘yinlardagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. -57 kilogramm vazn toifasida qatnashayotgan boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi pokistonlik Fotima Zahroni katta ustunlik bilan dog‘da qoldirib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
-50 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan O‘zbekiston vakili Sabina Boboqulova esa Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi. U chorak finalda amaldagi jahon chempioni, xitoylik Yu Vuga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
LiveBarchasi