Boks federatsiyasining yangi rahbariyati “Uzbek Tigers” faoliyatiga qanday qarayapti?
Sport
−
23 fevral 2019
6931Ayni kunlarda “Uzbek Tigers” muhokamalar maydonidagi asosiy mavzulardan biri bo‘lib turibdi. Bir necha kun avval, ushbu boks jamoasi faoliyatiga nuqta qo‘yilgani, O‘zbekiston boks federatsiyasi WSB musobaqalarida ishtirok etuvchi jamoani moliyalashtirishni to‘xtatgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo bu gap-so‘zlar o‘z isbotini topmadi.
WSB turnirining IX mavsumi joriy yilning oktyabr oyida start oladi. Ayni damda bokschilar yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘zbekiston boks federatsiyasi “Uzbek Tigers”dan nimalarni kutmoqda? Unga qanchalik ishonadi? Federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov bu haqda shunday deydi:
“WSB musobaqasida ishtirok etadigan “Uzbek Tigers” jamoasi ma’muriyatining yangilanishi natijalarni yaxshilashga bo‘lgan mas’uliyatni oshiradi. Federatsiyaning birinchi galdagi vazifasi boksimiz muvaffaqiyatining davomiy bo‘lishini ta’minlashdir. WSB turniridagi muvaffaqiyatli ishtirok ham bizning asosiy yo‘nalishlarimizdan biri hisoblanadi. “Uzbek Tigers” g‘alaba qozonishni biladi va buni isbotlay olgan jamoa. Ishonamizki, yaqin orada bokschilarimiz libosida WSB g‘oliblarining yulduzchasi paydo bo‘ladi. Xalqimizning jamoaga bo‘lgan ishonchi va mehri bokchilarimizning g‘alabasi uchun haqiqiy motivatsiya vazifasini bajaradi”.
Jamoaning bosh menejeri Abdulloh Sagdiyev esa bokschilar jangovar kayfiyatda ekanligini qayd etdi, shuningdek, u qo‘llab-quvvatlov uchun muxlislarga minnatdorlik bildirdi.
“Jamoa va WSB turniridagi ishtirok men uchun O‘zbekiston boks federatsiyasidagi faoliyatimning mas’uliyatli vazifalaridan biri hisoblanadi. Biz bokschilarimizning g‘alaba qozona olishlarini va buning uchun ularda barcha narsa borligini bilamiz. Federatsiyaning yangi rahbariyati jamoa murabbiylar shtabini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgani katta ahamiyatga ega. Biz mas’ullar jamoamizning g‘alabasi uchun bor kuch, bilim va tajribamizni ishga solamiz. Vaqtni boy bermay, bugunoq tayyorgarlikka kirishishimiz lozim. Mavsum oktyabr oyida boshlanadi. Yigitlar ayni paytda jangovar kayfiyatda. Muxlislarimizga rahmat. Shak shubha yo‘qki, biz ishonchni oqlaymiz”, deydi Abdulloh Sagdiyev.