Boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni qidiruvga berildi
Sport
−
24 iyul 2023
16721Qozog‘istonning Ostona shahrida boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni Beybut Shumenov qo‘lida bolasi bor erkak bilan mushtlashib qolgan edi. Unga nisbatan joriy yilning 22 iyul kuni rasman qidiruv e’lon qilindi. Bu haqda mamlakat Huquqiy statistika portali va maxsus buxgalteriya agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 18 iyul kuni sodir bo‘lgan holat dastlab rasmiylar tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lgach, mahalliy politsiya Shumenovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Bunga asli Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan jabrlanuvchining o‘zi bokschini jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilgani sabab bo‘lgan.
Shu bilan birga, Qozog‘iston bolalar Ombudsmani Dinora Zakiyeva Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilib, bokschini Jinoyat kodeksining 115-moddasi (tahdid) bo‘yicha javobgarlikka tortishni so‘ragan. Vazirlikning ma’lum qilishicha, Shumenovga nisbatan JKning 293-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, unda 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi mazkur tergov jarayonini o‘z nazoratiga olgani aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Beybut Shumenov boks bo‘yicha WBA yo‘nalishida sobiq jahon chempioni hisoblanadi. U 2016 yilda ikki vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan birinchi qozog‘istonlik bokschi sifatida tarixga kirgan. Ammo 2019 yilda WBA Shumenovni jahon chempioni unvonidan rasman mahrum qilgan.
LiveBarchasi