Bog‘otdagi ko‘chaga Shakarjon Xo‘janiyozova nomi beriladi
Jamiyat
−
02 may 2025 8537 2 daqiqa
Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidagi ko‘chalardan biriga Shakarjon Xo‘janiyozova nomi beriladi. Bu haqda bugun, 2 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
“Xorazm ahli hurmatini qozongan mashhur ayol rahbarlardan biri bo‘lgan Shakarjon Xo‘janiyozova 8 yil oldin olamdan o‘tgan edi. Men Shakarjon opani ko‘p yillardan buyon juda yaxshi bilar edim. Har safar Xorazmga kelganimda samimiy muloqot qilardik.
U inson el-yurt tashvishi, o‘z kasbiga sadoqat bilan yashadilar. Halol va fidokorona mehnatdan bir daqiqa ham to‘xtamadilar”, dedi Prezident.
Davlat rahbari shu yil 12 iyun kuni Shakarjon Xo‘janiyozovaning 70 yillik yubileyini Xorazm viloyatida keng nishonlashni taklif etdi. Bog‘otdagi ko‘chalardan biriga va o‘zi asos solgan badiiy gimnastika maktabiga Shakarjon Xo‘janiyozova nomi beriladi.
Shuningdek, viloyatdagi faol xotin-qizlar o‘rtasida Xo‘janiyozova nomidagi rahbar ayollar tanlovi o‘tkaziladi. Jasoratli va mehnatkash ayol sifatida Shakarjon Xo‘janiyozovaning hayoti keng yoritiladi.
Ma’lumot uchun, Shakarjon Xo‘janiyozova 1955 yilda Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida tug‘ilgan. 1977 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini esa Narimonov nomidagi jamoa xo‘jaligida hisobchi lavozimida boshlagan. Keyinchalik tumandagi 6-sonli o‘rta hunar-texnika bilim yurti direktori o‘rinbosari, so‘ngra direktori bo‘lib ishlagan.
Shuningdek, u Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosari, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, shuningdek, Bog‘ot tuman hokimi lavozimida mehnat qilgan.
5 farzandning onasi bo‘lgan Shakarjon Xo‘janiyozovaning ko‘p yillik mehnat faoliyati, tajribasi va el-yurt ravnaqi uchun ko‘rsatgan xizmatlari inobatga olinib, hukumat tomonidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi unvoni, “Mehnat shuhrati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
Shakarjon Xo‘janiyozova 2017 yil 27 oktyabr kuni vafot etdi. O‘shanda ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shakarjon Xo‘janiyozova vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirgandi.
Live
Barchasi