Bog‘chadan tortib, oliygohgacha korrupsiya - Saidov (video)

Jamiyat

Joriy yilning 6 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Ta’lim to‘g‘risidagi qonun qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati – Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining raisi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Toshkentdagi maktablarda pullik qabulni joriy qilish to‘g‘risidagi qaror sabab Xalq ta’limi vazirini keskin tanqid qildi.

“Ijtimoiy tarmoqlarga qarasangiz kun yo‘qki, ta’lim u yoki bu holatdan muhokama qilinmasin. 3-4 oy oldin maktablarni ham pullik qilmoqchi bo‘lishdi. Yana (tahr. qaror) u yoqqa borib, bu yoqqa keldi. Vazir janoblari (Sherzod Shermatov) Konstitutsiyaning 41-moddasini o‘qishi kerak. Toshkentdagi 81 ta maktabda 10 mln so‘mdan pul olib o‘qitamiz deb, Vazirlar Mahkamasining qarorini qabul qilishdi. Odamlar navbatda turgandi. Bir marta gapirgandim, bekor qilishdi. Konstitutsiya degan narsa bor. O‘ylashimcha, birinchi rahbarlarning o‘zi Konstitutsiyani yaxshilab o‘qib olishi kerak. Ta’limdagi pullik va bepul masalasi hamon ochiq turibdi. Bu judayam katta masala”, dedi Akmal Saidov.

Deputat so‘zida davom etib, O‘zbekistonda ta’lim sohasida “ildiz otib ko‘kargan” korrupsiya masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

“Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqda eng ko‘p muhokamalar oliy ta’limda kontrakt uchun to‘lanadigan pulning miqdori to‘g‘risida ketyapti. Bizda eng katta muammo afsuski, ta’lim tizimimizda korrupsiyaviy ongni shakllantirdik. Bog‘chadan boshlab... Bog‘chadagi bolangizning tarbiyachisiga tug‘ilgan kuni, yangi yil, 8 martda sovg‘a qilmasangiz, aytadi, anavi bunday sovg‘a qilibdi, deb. Bu nima degan gap?! Keyin maktabda, oliy ta’limda boshlanadi”, deydi deputat.

Oliy Majlis yalpi majlisida Akmal Saidovdan boshqa deputatlar ham to‘lov-kontrakt masalasida o‘z e’tirozlarini bildirgan. Ular kontrakt summalari qayta ko‘rib chiqilishini taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan reglament bilan Toshkent shahridagi 81 ta maktabga pullik qo‘shimcha kvotalar asosida qo‘shimcha o‘quvchi olish belgilandi. Biroq keyinroq reglamentga o‘zgartirish kiritilib, maktablarga bolalarni qo‘shimcha kvota bo‘yicha qabul qilishda undiriladigan to‘lov bekor qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab kontrakt Akmal Saidov

Baholaganlar

244

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing