Bog‘chadagi “oq” va “qora” voqeasiga vazirlik nima deydi?
Jamiyat
−
31 iyul 2023
11054Bir muddat avval ijtimoiy tarmoqlarda IIO xodimlarining bog‘cha bolalariga tarbiyaviy soat o‘tib, ularga “oq” va “qora”ni tanitishga uringani aks etgan videolavha tarqalgan edi. Bu keng jamoatchilikning, hatto Prezident Shavkat Mirziyoyevning tanqidiga uchradi. Xo‘sh, maktabgacha ta’lim muassasasidagi bu holat bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi nima deydi?
Bugun, 31 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida vazirlik mas’ullari bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida QALAMPIR.UZ mazkur savolga javob oldi.
“Aslida yoz oyi bo‘lgani uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yozgi sog‘lomlashtirish davri davom etyapti. 6 yoshli maktabga tayyorlov guruhlarimizdagi bolalarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish, harbiylar bilan uchrashish, ularni ona vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida maxsus dasturlarimiz bor. Ularning bu shaklda tadbir qilishidan maqsadl yo‘l harakati qoidalarini ko‘rgazmali tarzda, videoroliklar bilan o‘tish bo‘lgan. Lekin bog‘chada bu noto‘g‘ri shaklda kechgan”, dedi Maktabgacha ta’lim agentligining birinchi o‘rinbosari Farrux Boboyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu xato uchun maktabgacha ta’lim muassasining mutasaddilariga intizomiy chora ko‘rilgan.
“Bu vaziyatda uchrashuv to‘g‘ri tashkil etilmagan. Har bitta bog‘chalarimizda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatishga mo‘ljallangan markazlarimiz mavjud. Ushbu uchrashuv aynan o‘sha markazda emas, guruhda tashkil etilgani uchun tegishli mutasaddilarga bu bo‘yicha intizomiy choralar qo‘llanildi”, dedi Boboyev.