BMTdagi rossiyalik diplomat Ukrainadagi urushni qoralab, iste’foga chiqdi

Olam 5113
image

Rossiyaning Jenevada joylashgan BMTdagi doimiy vakolatxonasi maslahatchisi Boris Bondarev Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga norozilik sifatida iste’foga chiqdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Taxminan 20 yil diplomat bo‘lib ishlagan Bondarev o‘z qarorini hamkasblariga yo‘llagan maktubida tushuntirgan, uning nusxasini UN Watch ijrochi direktori Xilel Noyer Twitter’ida qoldirgan.

Maktubda, xususan, Bondarev o‘z faoliyati davomida Rossiya tashqi siyosatida turli burilishlarni ko‘rganini, ammo u “rus qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirgan 24 fevraldagi kabi o‘z mamlakatidan hech qachon uyalmaganini” yozadi.

“Putin tomonidan Ukrainaga va aslida butun G‘arb dunyosiga qarshi boshlangan tajovuzkor urush nafaqat Ukraina xalqiga, balki Rossiya xalqiga qarshi eng og‘ir jinoyatdir. “Z” harfi mamlakatimizda farovon va erkin jamiyatning barcha umidlari va istiqbollarini kesib tashladi”, deydi Bondarev.

BBC rus xizmatining xoin deb atalishdan qo‘rqasizmi, degan savoliga Bondarev “menimcha, ular meni allaqachon shunday deb bilishadi”, deya javob bergan.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Bondarevning iste’foga chiqishi bo‘yicha izoh berdi.

“Bu yerda, ehtimol, janob Bondarev endi biz bilan emas, balki u bizga qarshi ekanligini aytishimiz mumkin. Rossiya rahbariyatining harakatlarini mamlakatimizning deyarli butun aholisi qo‘llab-quvvatlayotgan bir vaqtda u qoralamoqda. Bu shuni anglatadiki, bu janob mamlakatimizning umumiy birlashgan fikriga qarshi chiqmoqda”, deydi Peskov.

Kamronbey Kenjayev

.
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 150
Reyting: 2.9
t
×