BMT va “Tolibon” afg‘on ayollarining o‘qishini muhokama qildi
Olam
−
25 yanvar 2023
3953Bugun, 25 yanvar kuni Afg‘onistonga borgan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Martin Griffits “Tolibon” hukumatining Ichki ishlar vaziri Sirajuddin Haqqoniy bilan uchrashdi. Uchrashuvda “Tolibon” tarafi ayollar ta’limi butunlay taqiqlanishi rejalashtirilmaganini ma’lum qildi.
“Ayollar uchun ta’lim va tarbiya masalasida doimiy taqiq muhokama qilinmayapti, ta’lim tizimi bo‘yicha kelishmovchiliklar bor, lekin ularni hal qilish mumkin. Afg‘oniston deyarli yarim asr davomida urushlar va qiyinchiliklarni boshdan kechirgan, shuning uchun barcha afg‘onlar mamlakat oyoqqa turishi uchun ko‘p harakat qilishlari kerak”, deydi Haqqoniy o‘z Twitter sahifasida e’lon qilgan bayonotida.
BMT delegatsiyasi rahbari Griffits ham mamlakatda qandaydir yutuqlarga erishilgani, tomonlar bir-birining harakatini tanqid qilmasligi kerakligi, chunki ortiqcha tanqid tushunishga xalaqit berishi va muammolarni oshirishini aytgan. Shuningdek, Griffits ayollarning ta’lim olish va ishlash huquqi – BMT talab qiladigan asosiy huquqlar bo‘lib qolaverishini alohida ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, “Tolibon” 2021 yilda hokimiyatga kelganidan so‘ng qator cheklovlar joriy qilgandi. Xususan, ayol teleboshlovchilarning hijob o‘rashi majburiy qilingan, ayol aktrisalar ishtirokidagi dramatik filmlar va ko‘rsatuvlar namoyishi taqiqlangan edi. O‘tgan yilning dekabrida esa “Tolibon” Afg‘oniston universitetlarida qizlar uchun darslarni to‘xtatib, universitetlarda ayollarning, jumladan, professor-o‘qituvchilarning bo‘lishini taqiqlab qo‘ygan va ayollarni barcha milliy va xalqaro nohukumat tashkilotlarida ishlashdan chetlashtirishni buyurgan edi. Ushbu qarorlar bir qator xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tomonidan tanqid to‘lqiniga sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UNESCO tashkiloti 24 yanvar kunini ta’limdan mahrum bo‘lgan afg‘on ayollariga bag‘ishlagan edi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi