UNESCO 24 yanvarni Afg‘onistondagi ta’limdan mahrum ayollarga bag‘ishladi
Olam
−
23 yanvar 2023
4416Ertaga, 24 yanvarda nishonlanadigan Xalqaro ta’lim kuni munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) ushbu kunni Afg‘onistondagi asosiy ta’lim huquqlaridan zo‘rlik bilan mahrum etilgan qizlar va ayollarga bag‘ishlash qarorini e’lon qildi. Bu haqda “Tolonews” xabar berdi.
“UNESCO beshinchi Xalqaro ta’lim kunini Afg‘onistondagi o‘qish, ta’lim olish huquqidan mahrum etilgan barcha qizlar va ayollarga bag‘ishlamoqchi. Tashkilot inson qadr-qimmati va ta’lim olishning asosiy huquqiga qilingan bu jiddiy hujumni qoralaydi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, 24 yanvar Xalqaro ta’lim kuni munosabati bilan Nyu-Yorkda Afg‘onistondagi inqiroz – Afg‘onistonda qizlar va ayollarning ta’limdan mahrum etilishi mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tadi.
“Dunyodagi hech bir davlat ayollar va qizlarning ta’lim olishini taqiqlamasligi kerak. Ta’lim insonning universal huquqi bo‘lib, hurmat qilinishi kerak. Xalqaro hamjamiyat afg‘on qizlari va ayollari huquqlarini zudlik bilan tiklashga mas’uldir. Ayollarga qarshi urush to‘xtatilishi kerak”, deydi UNESCO Bosh direktori Odri Azule.
Biroq chet elda tahsil oluvchi afg‘onistonlik qizlar tashkilotdan bundan ko‘ra ko‘proq choralarni kutmoqda.
“Bir kun yetarli emas. UNESCO Tolibon hukumati bilan muzokaralar olib borishga harakat qilishi va barcha cheklovlarni olib tashlashi kerak”, deydi hamshiralik yo‘nalishida tahsil oluvchi Rayhona ismli qiz.
UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, 80 foiz (2,5 million) afg‘on qizlari va maktab yoshidagi yosh ayollar muvaqqat hukumat amaldorlarining o‘rta maktablar va universitetlarga kirishiga ruxsat bermaslik to‘g‘risidagi qarori tufayli hozirda maktabga bormaydi.
Afg‘onistondagi siyosiy o‘zgarishlardan so‘ng, hozirgi Tolibon hukumati 12 yoshdan oshgan barcha afg‘on qizlari uchun boshlang‘ich darajadan tashqari ta’lim olish imkoniyatini noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘ydi va bu ularning ta’lim olishdagi asosiy huquqlarini buzdi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 21 dekabr kuni “Tolibon” mamlakat universitetlaridan talaba qizlar uchun darslarni keyingi ogohlantirishgacha to‘xtatishni talab qilgani, BMTning ayol vakillarini esa Afg‘onistonda mahramsiz yurmaslikka chaqirgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi