BMT O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qulladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 26 fevral kuni Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida Tashkilot Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tarafidan ilgari surilgan "2027 yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili" rezolyutsiyasi bir ovozdan ma’qullandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu rezolyutsiyaga 80 dan ortiq a’zo mamlakat hammualliflik qilgan. Hujjat matnini muvofiqlashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlarda Rossiya, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSH, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Misr, Braziliya, Argentina kabi yetakchi davlatlarning ekspertlari faol ishtirok etgan va rezolyutsiya mazmunini boyitishga muhim hissa qo‘shgan. BMTga a’zo davlatlar vakillari ushbu rezolyutsiyaning taqdim etilishi o‘z vaqtida va dolzarb ekanini qayd etgani ta’kidlangan.

Hujjatning bosh maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil oktyabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida turizm sohasining yangi muammolar va zamonaviy xatarlar oldida barqarorligi va moslashuvchanligi borasida bildirilgan fikrlariga asoslangan.

Prezident tomonidan turizmning turli sivilizatsiyalar boy madaniy merosini asrashda, tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashda, xalqlarning qadriyatlarini hurmat qilishda muhim o‘rin tutishi to‘g‘risida bayon etilgan tamoyillar ushbu rezolyutsiyada mustahkamlangan.

Hujjatda ekologiya, bioxilma-xillikni asrash va atmosferaning ifloslanishini kamaytirish yo‘lida "yashil" turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Rezolyutsiya 2027 yilni “Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” deb e’lon qilishni qaror qiladi hamda BMTning Jahon sayyohlik tashkilotini hukumatlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, mintaqaviy tashkilotlar bilan birgalikda yilni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun kompleks choralar ko‘rishga chaqiradi.

Unda barqaror turizmni, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, iqtisodiy o‘sish, to‘liq bandlikni ta’minlash, qishloq hududlarini rivojlantirish va qishloq aholisining yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiluvchi ekoturizmni rivojlantirish muhimligi ta’kidlangan.

Rezolyutsiya barcha manfaatdor tomonlarga barqaror va yashovchan turizmni kambag‘allikni bartaraf etish, ayollar, yoshlar, keksalar va nogironlarning ishtirokini rag‘batlantirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish hamda munosib ish joylari va daromad manbalarini yaratishning muhim vositasi sifatida faol ilgari surishni tavsiya etishi aytilmoqda.

Hujjat bilan BMTning Jahon sayyohlik tashkilotiga ushbu rezolyutsiyaning amalga oshirilishi yuzasidan BMT Bosh Assambleyasining 83-sessiyasida (2028 y.) axborot berish, bunda Xalqaro yil qay darajada o‘tkazilganini baholashga alohida e’tibor berish topshirilgan.

Ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan rezolyutsiya turizm sanoatining global darajada yangi bosqichga ko‘tarilishini boshlab beradi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston BMT rezolyutsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing