BMT Ukrainadagi gumanitar vaziyatdan xavotirda
Olam
−
26 mart 2022
4681Rossiya Ukrainaga urush boshlaganiga bir oy to‘ldi. Shu vaqt davomida 3,7 million ukrainaliklar mamlakatni tark etgan, biroq 13 millionga yaqini urush zonalarida qolib ketgan va otishma ostida qolish xavfi yuqori. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha boshqarmasi vakili Karolina Lindxolm Billing ma’lum qildi.
“O‘tgan bir oy bizni sakkiz yil avvalgidan ko‘ra uzoqroq o‘tmishga tashladi. Bugun biz har soniyada kuchayib borayotgan yirik gumanitar inqirozga duch kelyapmiz”, deydi Billing.
Boshqarma vakili, shuningdek Jahon oziq-ovqat dasturi urush boshlanganidan bir oy o‘tib, ukrainaliklarning 45 foizi oziq-ovqat yetishmasligidan xavotirda ekanini ta’kidlagan. Oziq-ovqat yetishmovchiligi bugungi Ukrainada xavfsizlik va yonilg‘i taqchilligi bilan birga eng dolzarb uchta muammodan biridir.
Jahon oziq-ovqat dasturi hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainadagi har beshinchi odam ochlikni yengish uchun ovqatlanish hajmi va sonini kamaytirishdan foydalanishga majbur.
Qayd etilishicha, urushdan oldin mavjud bo‘lgan, o‘n millionlab odamlarga oziq-ovqat etkazib berish imkonini bergan tizimlar kundan-kunga buzilib bormoqda: ko‘plab yuk mashinalari va poyezdlar vayron bo‘lmoqda, aeroportlar bombardimon qilinmoqda, ko‘priklar, do‘konlar va oziq-ovqat omborlari yo‘q qilinmoqda.
BMTning Ukrainadagi doimiy vakili Osnat Lubrani Ukrainaga tashrifidan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan.
“Hech bir mamlakat, hech bir shaxs bunday azob-uqubatlarni boshdan kechirmasligi kerak. Mamlakatda qolib ketgan odamlar jangovar harakatlar ketayotgan shaharlardan, jumladan, Mariupol, Chernigov, Xarkov, Sum va Kiyevdan chiqa olmaydi”, deydi u.
LiveBarchasi