BMT odam savdosi qurbonlari ortayotganini e’lon qildi
Olam
−
30 iyul 2021
2140Odam savdosi – bu juda daromadli jinoyat bo‘lib, jinoyatchilarga katta miqdorda foyda keltirish bilan birga, jamiyatni mislsiz muammolar girdobiga olib boradi. Bu muammolar necha-necha avlodlarning salomatligi, ta’limi, huquq sohasidagi imkoniyatlariga bolta uradi.
Har yili dunyo mintaqalarida millionlab insonlar, turli xil yoshdagi bolalar, guldek qizlar-u zaifa ayollar odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 24 millionga yaqin kishi odam savdosidan aziyat chekyapti. Achinarlisi, yiliga 4 milliondan ortiq qurbon ekspluatatsiya, yuz minglab qurbon majburiy mehnat va tilanchilikka majburlanyapti. Ba’zilari esa tana a’zolaridan ayrilmoqda.
Odam savdosining yuzaga kelishiga nafaqat moliyaviy foyda, balki irqchilik, jinsiy oriyentatsiya sabab bo‘lyapti. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, odam savdosi qurbonlarining uchdan bir qismini bolalar tashkil qilgan. Ular tobora ko‘proq jinsiy ekspluatatsiya, majburiy nikoh va boshqa turdagi zo‘ravonlik, jumladan onlayn -platformalarda ta’qiblar qurboni bo‘lmoqda.
"Bolalar juda katta xavf ostida. Ular dunyodagi qurbonlarning uchdan bir qismini tashkil qilyapti va bu ulush so‘nggi 15 yil ichida uch baravarga oshdi. Iqtisodi rivojlanmagan mamlakatlarda odam savdosiga uchraganlarning yarmi bolalardir”, deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Ayniqsa, pandemiya vaqtida ekspluatatorlar jinoiy harakatlarini haddan tashqari kuchaytirgan. Hatto, kambag‘al odamlar o‘zlarini jinoyatchilarga qarshi kurasha olmasligini bildirgan.
"Pandemiya o‘ta qashshoqlikda yashovchilar sonini 124 millionga ko‘paytirdi. Bunday holda ularning ko‘pchiligi odam savdosi qurboniga aylanishi mumkin", deb ogohlantirmoqda Antoniu Guterrish.
Shuningdek, BMT Bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, jinsiy ekspluatatsiya maqsadida ayollar va qizlarning savdosi odam savdosining eng keng tarqalgan va jirkanch turlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, aksariyat mintaqalarda ushbu jinoyat qurbonlarining yarmidan ko‘pi migrantlardir.
Xalqaro ekspertlarning ta’kidlashicha, “tirik odamlar” bilan savdolashayotgan noqonuniy “savdogarlar”ning yillik daromadi qariyb 150 milliard dollarni tashkil etadi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda joriy yil yanvar-iyun oylarida odam savdosi bilan bog‘liq 99 ta holat aniqlangan. Bularning 34 tasi chaqaloqlar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar.
BMTga ko‘ra, odam savdosi – transchegaraviy jinoyat, u hech qanday milliy chegaralarni tan olmaydi. Shuning uchun ushbu jinoyatga qarshi kurashishda xalqaro miqyosda ma’lumot almashish va o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish zarur.
LiveBarchasi