BMT Xavfsizlik Kengashi Rossiyaning Ukrainaga qattiq hujumini qoraladi
Olam
−
30 dekabr 2023
8868Kecha, 29 dekabr kuni Kiyev talabi bilan shoshilinch chaqirilgan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rossiyaning Ukraina hududiga berilgan yirik havo zarbasi keskin tanqid qilindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining aksariyat a’zolari, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya ham Moskvani keskin qoraladi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Rossiyaning Ukrainaga qarshi ommaviy hujumiga o‘z munosabatini bildirdi.
“Tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga qarshi hujumlar xalqaro gumanitar huquqni buzadi. Bularni qabul qilib bo‘lmaydi va darhol to‘xtatish kerak”, deyiladi uning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik tomonidan e’lon qilingan bayonotda.
AQSHning BMTdagi missiyasi rahbarining maslahatchisi Jon Kelli esa Rossiya Federatsiyasini BMT Xavfsizlik Kengashini dunyoni ataylab chalg‘itayotganlikda aybladi.
“Ikki kun oldin Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashining 10 yil oldingi voqealarni eslash uchun yig‘ilishini tashkil qildi. U Ukrainaga, uning shaharlari va muhim infratuzilmalariga eng katta havo hujumini rejalashtirayotgan bir paytda, Kengash a’zolari e’tiborini boshqa narsalarga qaratmoqchi bo‘ldi”, deydi AQSH vakili.
Kelli BMT Xavfsizlik Kengashining barcha a’zolarini “jirkanch hujum”ni qoralashga chaqirdi va Rossiya rasmiylarining da’vo qilingan “harbiy nishonlarga zarba berish” haqidagi bayonotlariga e’tiroz bildirdi.
Xitoyning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Geng Shuang esa Rossiya-Ukraina mojarosini “siyosiy yechim”ga chaqirdi.
O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya tinch aholi o‘limi uchun javobgarlikni inkor etib, Rossiya faqat Ukrainadagi harbiy infratuzilmaga zarba berganini va qurbonlar uchun Ukraina havo mudofaasi aybdor ekanini ta’kidladi.
Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsaning aytishicha, Rossiyada buning uchun resurslar bor ekan, Ukrainani o‘qqa tutish to‘xtamaydi. Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga, global xavfsizlik arxitekturasi va BMT Nizomi asosidagi xalqaro tartiblarga hujum qilishda davom etadi.
“Bitta yo‘l bor – Rossiyani qurol ishlab chiqarish, harbiy tajovuzni moliyalash va dunyoga tahdid qilish imkoniyatidan mahrum qilish”, deydi diplomat.
Kislitsa Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqib, rossiyalik Vasiliy Nebenzyani “vijdoni va qadr-qimmatini yo‘qotgan odam”, deb atadi.
"Rossiya kecha tunda "jasurlik bilan" yo‘q qilgan nishonlar ro‘yxatiga qarang: tug‘uruqxona, ta’lim muassasalari, savdo markazi, 45 ko‘p qavatli turar-joy binolari, xususiy uylar, ikkita cherkov, omborxona va avtoturargoh”, degan Kislitsa.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 dekabrda Rossiyaning Ukrainaga bergan eng yirik aviazarbasi oqibatida 35 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, yana 160 kishi jarohatlandi.
Rossiya Kiyev, Xarkov, Dnepr, Odessa, Lvov, Zaporoje va Ukrainaning bir qator boshqa shaharlarini Shahed dronlari va har xil turdagi raketalardan o‘qqa tutdi. Hammasi bo‘lib Ukraina bo‘ylab 158 ta havo kuchlari, shu jumladan 36 ta dron va 122 ta raketa uchirildi. Ukraina qurolli kuchlari 114 ta nishonni urib tushirishga muvaffaq bo‘ldi.
LiveBarchasi