BMT Xavfsizlik Kengashi Isroilni xalqaro gumanitar qonunlarga rioya qilishga chaqirdi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi a’zolari bosib olingan G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik oqibatida tinch aholining o‘limidan afsusda ekanliklarini bildirib, tomonlarni bosiqlikka chaqirdi. Birlashgan Arab Amirliklarining BMTdagi doimiy vakili Lana Nuseybe BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari nomidan matbuotga bayonot berdi.

Uning ta’kidlashicha, BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari BAA, Fransiya va Xitoyning iltimosiga binoan 23 iyun kuni yopiq yig‘ilish o‘tkazgan. Uchrashuvda G‘arbiy Sohildagi zo‘ravonlik masalalari muhokama qilingan.

Nuseybening qayd etishicha, a’zolar xalqaro gumanitar huquqni qo‘llash va tinch aholini himoya qilish zarurligini ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilish ishtirokchilari Isroil va Falastin hukumati terrorizmga qarshi kurashishi va uni qoralashi kerakligini urg‘ulagan, shuningdek, zo‘ravonlik aybdorlarini jazolash talablari ham yangragan.

"Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar tomonlarni o‘zini tutishga hamda keskinlikni kamaytirish va osoyishtalikni tiklash uchun bir tomonlama harakatlardan tiyilishga chaqiradi", deydi Nuseybe.

Uning qo‘shimcha qilishicha, BMT Xavfsizlik Kengashi bosib olingan G‘arbiy Sohildagi vaziyatni kuzatishda davom etadi.

Ma’lumot uchun, shu oyda Isroil xavfsizlik kuchlari G‘arbiy Sohildagi Jenin shahriga navbatdagi reyd davomida 3 nafar mahalliy aholini o‘ldirgan, yana 29 kishi yaralangan. Mahalliy manbalarga ko‘ra, reyd davomida bir qator uylarning tomlarida snayperlar navbatchilik qilgan. Mahalliy falastinliklar va isroillik harbiylar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan. Namoyishchilarga qarshi jonli o‘qlar, ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil BMT Xavfsizlik Kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing