BMT xalqaro sudi Eron foydasiga AQSHga qarshi qaror chiqardi
Olam
−
31 mart 2023
12610Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro sudi Amerika Qo‘shma Shtatlarini Eronning qator aktivlarini muzlatib qo‘yish orqali xalqaro huquqni buzgan deb topdi va tovon to‘lashga majbur qildi. Tegishli qaror kecha, 30 mart kuni sud raisi o‘rinbosari Kirill Gevorgyan tomonidan e’lon qilindi.
U hukmni o‘qib chiqib, sudyalar Qo‘shma Shtatlar Eron bilan 1955 yilda imzolangan “Do‘stlik, iqtisodiy aloqalar va konsullik huquqlari to‘g‘risida”gi shartnomaning bir qator bandlari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzgan degan xulosaga kelganini ta’kidlagan. Buni hisobga olgan holda Qo‘shma Shtatlar ushbu qaror e’lon qilingan kundan boshlab 24 oy ichida Eronga tovon to‘lashi shart ekani belgilangan.
“Masala har bir tomonning iltimosiga binoan sud tomonidan hal qilinishi mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan Kirill Gevorgyan.
Qayd etilishicha, tovon puli ba’zi Eron kompaniyalarining aktivlarini qoplaydi, lekin Eron Markaziy bankining 1,57 milliard dollardan ortiq miqdorda muzlatilgan mablag‘lari bundan mustasno. Sud qaroriga ko‘ra, bu masala bo‘yicha zarur yurisdiksiya mavjud emas.
“Sud AQSHning Eron Markaziy banki bilan bog‘liq sud jarayonidagi yurisdiksiya masalasi bo‘yicha e’tirozlarini asosli deb tan oladi va shunga mos ravishda bu da’volar bo‘yicha yurisdiksiyaga ega emasligini ma’lum qiladi”, deydi Gevorgyan.
Ma’lumot uchun, 2016 yilning 20 aprelida AQSH Oliy sudi Eronning shikoyatini rad etib, AQSH quyi sudining 1983 yilda Bayrutdagi AQSH kazarmasini bombardimon qilishda halok bo‘lgan AQSH dengiz piyodalarining qarindoshlariga 2 milliard dollar miqdorida tovon to‘lash to‘g‘risidagi qarorini tasdiqlagan. Amerika tomoniga ko‘ra, hujum Livandagi “Hizbulloh” shia harakati jangarilari tomonidan Eron rasmiylarining faol ko‘magida amalga oshirilgan. Shunga ko‘ra, tovon to‘lash Eron Markaziy bankining Citibank’da saqlanayotgan aktivlari va AQSHda faoliyat yurituvchi boshqa Eron kompaniyalari hisobidan amalga oshirilishi taklif qilingan. O‘shandan beri mablag‘lar muzlatilgan. Bunga javoban 2016 yil 14 iyun kuni Eron Xalqaro sudda aktivlarga kirish huquqini qaytarish va Tehronga nisbatan nodo‘stona qadamlar qo‘ymaslikni talab qilib, sud jarayonini boshlagan.
LiveBarchasi