BMT Isroilni Golan tepaliklarini tark etishga chaqirdi

Olam

image

Kecha, 28 noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi Isroilni Golan tepaliklarini ozod qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatda Golan tepaliklari “Isroil bosib olgan” hudud sifatida tilga olinadi

Bosh Assambleya yig‘ilishida 91 davlat vakillari (ular orasida Rossiya, Braziliya, Hindiston, Xitoy va O‘zbekiston ham bor) rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Sakkiz davlat hujjatga qarshi ovoz berdi, jumladan, AQSH va Buyuk Britaniya. Yana 62 davlat ushbu rezolyutsiya uchun ovoz berishda betaraf qoldi.

Hujjat ko‘rib chiqish uchun Misr, Iordaniya, Iroq, BAA va Suriya vakillari tomonidan taqdim etilgan. Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan rezolyutsiya qabul qilingandan so‘ng, uning mamlakati ushbu hujjat talablarini bajarishni o‘zi uchun imkonsiz, deb hisoblashini aytgan.

“Biz uning matniga tubdan rozi emasmiz va bu rezolyutsiyani prinsipal ravishda amalga oshirmoqchimasmiz. Bu BMT hozirda Isroilga nisbatan adekvat qarorlar qabul qila olmasligining yana bir tasdig‘i bo‘ldi”, degan u.

Ma’lumot uchun, Golan tepaliklari 1967 yilgacha Suriya hududi bo‘lib, olti kunlik urush paytida Isroil tomonidan bosib olingan va keyinchalik yahudiy davlati tarkibiga kiritilgan. 1981 yilda sodir bo‘lgan Golan tepaliklarining Isroil tarkibiga qo‘shilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan – BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyasi Isroilning Golan ustidan suverenitetini rad etadi. 1973 yildagi Arab-Isroil urushi paytida Suriya Golan tepaliklarini qaytarib olishga urindi, ammo mag‘lubiyatga uchradi. Isroil va Suriya qo‘shinlari o‘rtasida BMT kuchlari tomonidan nazorat qilinadigan neytral demilitarizatsiya zonasi yaratildi. O‘shandan beri Damashq Golan tepaliklarining bir qismini yoki butunlay qaytarilishini Isroil bilan tuzilgan tinchlik shartnomasining sharti deb atagan. Suriya-Isroil o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga urinishlar – shuningdek, vositachilar ishtirokidagi muzokaralar behuda yakunlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya BMT Isroil Golan tepaliklari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing