BMT global iqtisodiy o‘sish oqsashini bashorat qilmoqda
Olam
−
17 may 2023
2852Inflyatsiya va foiz stavkalarining o‘sishi fonida jahon iqtisodiyoti uzoq davom etadigan sekin o‘sish davriga duch kelmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy va ijtimoiy departamentining yangi hisobotida so‘z borgan.
BMT ekspertlari 2023 yil uchun avvalgi prognozlarini biroz oshirdi – qayta ko‘rib chiqilgan ssenariyga ko‘ra, joriy yilda global yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2,3 foizni tashkil qilishi mumkin. Ammo bu hali ham pandemiyadan oldingi o‘rtacha 3,1 foizdan ancha past.
2024 yil uchun prognoz 2,5 foizga tushirildi – joriy yil boshida BMT ekspertlari kelgusi yilda global iqtisodiyot yanada ishonchli o‘sishni kutishi mumkinligini bashorat qilgan edi. Biroq, COVID-19 pandemiyasining davom etayotgan oqibatlari, iqlim o‘zgarishining kuchayib borayotgan ta’siri va tarkibiy makroiqtisodiy muammolar global iqtisodiy ko‘rsatkichlarga og‘irlik qilishda davom etmoqda.
AQSHda 2023 yil uchun o‘sish prognozi uy xo‘jaliklari xarajatlarining barqaror o‘sishi fonida 1,1 foizga ko‘tarildi. Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti 0,9 foizga o‘sishi kutilmoqda, bu gaz narxining pasayishi va iste’mol xarajatlarining oshishi bilan bog‘liq. Xitoy hukumatining COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlarni bekor qilish qarori tufayli yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 5,3 foizga yetishi mumkin.
Shu bilan birga, ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar uchun o‘sish prognozlari qattiqroq kredit shartlari va tashqi moliyalashtirish xarajatlarining oshishi sababli qayta ko‘rib chiqildi.
Afrika va Janubiy Amerika mamlakatlarida bu yil yalpi ichki mahsulotning o‘sishi ahamiyatsiz bo‘ladi, iqtisodiy ko‘rsatkichlarning uzoq muddatli turg‘unlik tendensiyasi davom etadi. Eng kam rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyoti 2023 yilda atigi 4,1 foizga, 2024 yilda esa 5,2 foizga o‘sadi, bu 7 foizlik maqsaddan ancha past.
“Hozirgi global iqtisodiy istiqbol Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida katta to‘siq bo‘lmoqda. Jahon hamjamiyati ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar duch kelayotgan moliyaviy tafovutni zudlik bilan bartaraf etishi va barqaror rivojlanishga muhim sarmoya kiritish salohiyatini kuchaytirishi kerak”, deydi Iqtisodiy masalalar bo‘yicha departament rahbari Li Junxua.
Postsovet hududi
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi va uning iqtisodiy oqibatlari, shu jumladan Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar postsovet hududidagi iqtisodiy istiqbollarga ta’sir qilishda davom etmoqda.
Rossiya iqtisodiyoti 2023 yilda biroz qisqaradi, 2024 yilda esa biroz o‘sish kutilishi mumkin. Yevropadan Osiyoga yo‘naltirilgan neft eksportidan tushum 2023 yilning birinchi choragida keskin kamaydi. Iqtisodiyot va harbiy xarajatlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash 2023 yilgacha davom etadi, biroq uchinchi davlatlar orqali sanksiyalangan texnologiyalarni olib kirishga nisbatan cheklovlarni qattiqroq qo‘llash iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
2022 yilda 29,1 foizga qisqargan Ukraina iqtisodiyoti 2023 yilda turg‘unlashadi. Mamlakat iqtisodiyotini tiklash, BMT ekspertlarining fikricha, 411 milliard dollarga tushadi.
Neft eksport qiluvchi davlatlar – Qozog‘iston va Ozarbayjon – neft narxining oshishi tufayli yalpi ichki mahsuloti o‘sishini kutishi mumkin.
Inflyatsiya va mehnat bozori
BMT ekspertlarining ta’kidlashicha, o‘tgan yili jahonda oziq-ovqat va energiya narxlari sezilarli darajada tushib ketgan bo‘lsada, ko‘plab mamlakatlarda inflyatsiya o‘jar darajada yuqoriligicha qolmoqda. Mahalliy ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar va yuqori import xarajatlari tufayli ko‘pchilik rivojlanayotgan mamlakatlarda ichki oziq-ovqat inflyatsiyasi yuqoriligicha qolmoqda, eng kambag‘al guruhlar birinchi bo‘lib zarar ko‘rmoqda.
2023 yilda global inflyatsiyaning o‘rtacha darajasi 5,2 foizni tashkil etadi. 2022 yilda u 7,5 foizni tashkil etib, ikki o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.
Tahlilchilar, shuningdek, AQSH, Yevropa va iqtisodiyoti rivojlangan boshqa mamlakatlarda mehnat bozori barqarorlikdan dalolat berayotganini ta’kidlamoqda: ishsizlik darajasi pastligicha qolmoqda, ayrim mamlakatlarda ishchilar yetishmaydi, ish haqi ortib bormoqda. Bundan tashqari, pandemiya davrida kengaygan mehnat bozoridagi gender tafovuti qisqarmoqda.
Biroq, ishsizlikning kamayishi, iste’mol xarajatlarining oshishiga olib keladi, inflyatsiyani yumshatish vazifasini murakkablashtiradi. AQSH Federal rezerv tizimi, Yevropa Markaziy banki va boshqa rivojlangan mamlakatlarning markaziy banklari 2023 yilda foiz stavkalarini o‘tgan yilga nisbatan sekinroq bo‘lsada oshirishda davom etdi.
Global moliyaviy sharoitning keskinlashishi ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, foiz stavkalarining ko‘tarilishi va "miqdoriy qat’iylashtirish" siyosati rivojlanayotgan mamlakatlarning qarzdorlik zaifligini yanada kuchaytirdi.
Ekspertlar rivojlanayotgan iqtisodlarga yuqori tashqi qarz va sekin o‘sishning ayanchli siklini buzishga imkon beradigan faol xalqaro hamkorlikka chaqirmoqda.