BMT Eron konsulligiga hujumni qoraladi, AQSH esa Tehronni aybladi

Olam

image

BMT va ba’zi a’zo davlatlar 1 aprel kuni Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga uyushtirilgan havo hujumini qoraladi. Ayni paytda AQSH Eronni Isroil va Amerika nishonlariga hujum qilishda aybladi. Davlatlarning bunday pozitsiyalari Rossiya talabi bilan chaqirilgan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida bildirildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan BMT Bosh kotibining Yaqin Sharq, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha o‘rinbosari Muhammad Xolid Xiari Eron ham BMT Bosh kotibiyatiga, ham BMT Xavfsizlik Kengashiga maktub yo‘llab, diplomatik missiyaga hujum qilingani haqida xabar berganini aytdi.

“OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida 13 nafar Eron fuqarosi, shuningdek, olti nafar suriyalik halok bo‘lgan. Men Bosh kotibning bayonotini takrorlayman va bu hujumni qoralayman”, deydi u.

Xiari diplomatik ob’ektlar va xodimlar xalqaro qonunlarga muvofiq himoya qilinishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, u davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat ko‘rsatish zarurligini urg‘uladi. BMT Bosh kotibi o‘rinbosari qoidalarga asoslangan xalqaro tartib xalqaro tinchlik va xavfsizlikning kaliti ekanini aytdi.

U Isroilning Suriyadagi Eron bilan bog‘liq nishonlarga zarbalar berganiga e’tibor qaratdi.

“Joriy yilda 12 ta shunday hujum sodir etilgan. Isroil voqealar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi, lekin Suriyada harbiy amaliyotlar olib borayotganini tan oladi. Biz bugun Kengashni barcha tegishli tomonlar bilan hamkorlik qilishga va keskinlashuvning oldini olishga chaqiramiz. Agar siz birdamlik ko‘rsatmasangiz, keyingi maqsad har qanday davlatning diplomatik vakolatxonasi bo‘lishi mumkin", dedi Xiari.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya esa BMT Xavfsizlik Kengashining avvalroq qabul qilingan o‘t ochishni to‘xtatish talabi bo‘yicha rezolyutsiyasiga zid ravishda Isroilning G‘azo sektoriga hujumlari davom etayotganini, Rossiya bundan nihoyatda xavotirda ekanini aytdi.

“Biz Isroil rahbariyatining Qo‘shma Shtatlar bilan kelishilgan holda Kengashning qonuniy kuchga kirgan qarorini ochiqdan-ochiq e’tiborsiz qoldirganidan juda xavotirdamiz. Bunga misol qilib, Isroilning World Central Kitchen xodimlarining o‘ldirilishini keltirish mumkin”, deydi Nebenzya.

Diplomatning qayd etishicha, Isroilning yana bir mas’uliyatsiz harakati Damashqdagi Eron konsulligi binosiga qilingan hujumdir. Nebenzya bu Isroilning aholi zich joylashgan Suriya hududiga birinchi marta zarba berayotgani emasligiga e’tibor qaratdi va xalqaro hamjamiyatni hujumlarni qoralashga chaqirdi.

“Men Kengash a’zolarining birdamligiga ishonaman. Agar biz birdamlik ko‘rsatmasak, keyingi nishon istalgan davlatning diplomatik vakolatxonasi bo‘lishi mumkin”, deya ta’kidlagan diplomat.

Xitoyning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Geng Shuang ham G‘azo sektorida mojaro boshlanganidan buyon uylar, maktablar, shifoxonalar, gumanitar yordam muassasalari va BMT agentliklariga hujumlar uyushtirilganini, bugun esa diplomatik muassasa hujumga uchraganini eslatdi. 

“Xalqaro huquq va xalqaro munosabatlarning asosiy tamoyillarining qizil chiziqlari bir necha bor buzilgan”, deydi Xitoy vakili.

Diplomat Xitoy hujumni keskin qoralashini ta’kidlab, Isroilga ta’siri bo‘lgan davlatlarni konstruktiv rol o‘ynashga va G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga va Yaqin Sharqda barqarorlikni ta’minlashga chaqirdi.

O‘z navbatida, Jazoirning BMTdagi doimiy vakili Amar Benjama provokatsion harakatlarga qat’iy qarshi turish zarurligini ta’kidladi.

"O‘zini xalqaro huquqdan ustun deb bilgan Isroil bu hujum bilan nimaga erishmoqchi bo‘layotgani aniq", deya ta’kidladi u Tel-Avivni xalqaro tartib uchun xavf yaratishda ayblab.

AQSHning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Robert Vud esa Suriyada kecha sodir etilgan hujumga AQSHning aloqasi yo‘qligini va bu haqda oldindan bilmaganini ta’kidladi.

“Biz hujum haqida ma’lumot to‘plashda davom etamiz. Biroq, bir narsa aniq: Eron va uning hamkorlari mintaqada keskinlikni kuchaytirmasligi kerak”, deydi AQSH vakili.

Vud diplomatik vakolatxonalar hujumlar paytida himoya qilinishi kerakligini ta’kidladi.

“Terror tashkiloti yetakchilari ko‘rsatilgan ob’ektda bo‘lgani haqidagi xabardan xavotirdamiz. Biz Eronning terrorchilar va ekstremistlar bilan davom etayotgan muvofiqlashtirishini qoralaymiz”, deya ta’kidlagan diplomat.

Shuningdek, AQSH vakili WCK konvoyiga qilingan hujumdan afsusda ekanligini bildirdi.

"Ushbu voqea Isroilning G‘azo sektoridagi insonparvarlik xodimlari va ob’ektlarini himoya qilish uchun ko‘proq harakat qilishi kerakligini ko‘rsatadi", deya qo‘shimcha qildi u.

Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasining Muvaqqat ishlar vakili Zahra Arshadi BMT Xavfsizlik kengashini Eronning Damashqdagi konsulligiga qilingan hujumni keskin qoralashga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Isroilning beqarorlashtiruvchi va mas’uliyatsiz harakatlari mintaqaviy va xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid solmoqda.

“Isroil keskinlikni kuchaytirishga harakat qilmoqda, chunki buning uchun jazolanmayapti. U tinch aholini o‘ldirishdan, ochlikni urush quroli sifatida qo‘llashdan tiyilmaydi. Har qanday holatda ham aparteid, etnik tozalash, genotsid va harbiy maqsadlarga erishish uchun o‘z vakolatidan noqonuniy foydalanadi”, degan Arshadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron vazminlik bilan harakat qiladi, lekin hamma narsaning chegarasi bor. Diplomat Tehron xalqaro huquq va BMT Nizomiga muvofiq javob berish uchun qonuniy huquqlarini saqlab qolishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eronning Damashqdagi elchisi Husayn Akbariy uning mamlakati Isroilga "tez, to‘g‘ridan to‘g‘ri va qat’iy" javob qaytarishini aytgandi. U Isroil F-35 qiruvchi samolyotlari yordamida Eron konsulligi binosiga 6 marta raketa hujumi uyushtirganini ma’lum qildi. O‘zbekiston Isroilning Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga uyushtirgan havo hujumini keskin qoraladi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Eron BMT Isroil Damashq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing