BMT Bosh Assambleyasi Falastinning tan olinishini qo‘llab-quvvatladi

Olam

image

Kecha, 12 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi Falastin–Isroil mojarosini hal qilishda “ikki xalq uchun ikki davlat” (ikki mamlakat ham o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘lishi) tamoyiliga qaytishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda BMTning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, qabul qilingan hujjatda HAMASning G‘azo sektorida hokimiyatni tark etishi talab qilingan.

Ovoz berishda 142 davlat, jumladan, O‘zbekiston ham rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan. Qarshi chiqqanlar soni o‘n nafar bo‘lib, ular orasida AQSH va Isroil ham bor. Yana 12 mamlakat ovoz berishda betaraf qolgan.

Matn Fransiya va Saudiya Arabistoni tomonidan taqdim etilgan. Isroil hukumati bu qarorni keskin tanqid qilgan, Falastin milliy ma’muriyati esa uni olqishlagan.

Rezolyutsiyaga ko‘ra, HAMAS xalqaro yordam va hamkorlik asosida o‘z qurollarini Iordan daryosining G‘arbiy sohilida joylashgan Falastin milliy ma’muriyatiga topshirishi, shuningdek, 2023 yil 7 oktyabrda o‘tkazilgan hujumda qo‘lga olingan isroillik garovdagilarni ozod qilishi lozim. 

Kelajakdagi o‘t ochishni to‘xtatish masalasini ta’minlash maqsadida G‘azo sektorida “vaqtinchalik xalqaro barqarorlashtirish missiyasi” tashkil etish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, Falastin va Isroil uchun xavfsizlik kafolatlari berilishi lozimligi ta’kidlangan.

Ovoz berish BMT Bosh Assambleyasi doirasida 22 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuv arafasida o‘tkazilgan. Unda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parijning Falastin davlatini tan olishini e’lon qilishi kutilmoqda.

Qayd etish joiz, 2023 yilning 7 oktyabr kuni HAMAS Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirgan edi. Ular raketa hujumi uyushtirib, Isroil hududiga bostirib kirgan va 1200 ga yaqin tinch aholini o‘ldirgan. Shuningdek, 250 dan ortiq garovdagilarni G‘azoga olib ketgan. Ularning bir qismi keyinroq almashilgan yoki ozod qilingan, biroq ayrimlari halok bo‘lgan.

Isroil ham urush e’lon qildi. G‘azodagi operatsiyalar va bombardimonlar oqibatida 63 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, yana 145 mingdan ortig‘i yaralangan. Isroil esa haligacha to‘xtagani yo‘q. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo shahridagi aholiga murojaat qilib, ular shaharni tark etishi kerakligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Isroil G'azo HAMAS BMT Bosh Assambleyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing