BMT Afg‘onistondagi vaziyatni qoraladi

Olam

image

“Tolibon” ayollarga mahalliy va xalqaro nodavlat tashkilotlarda ishlashni taqiqlagani Afg‘oniston bo‘ylab eng zaif qatlamlarga, ayniqsa ayollar va qizlarga yordam berish bo‘yicha ishlayotgan ko‘plab tashkilotlarning sa’y-harakatlariga putur yetkazadi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning BMT rahbari nomidan bergan bayonotida aytiladi. 

Bosh kotib Antoniu Guterrish amaldagi afg‘on rasmiylarining yangi farmoni haqidagi xabarlardan “chuqur xavotirda”. BMT rahbari barcha ayollar mehnat qilish huquqiga ega ekanligini eslatadi. 

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, “Tolibon” Afg‘onistondagi barcha xorijiy va mahalliy nohukumat tashkilotlariga kiyim-kechak qoidalariga rioya qilmayotgani yuzasidan rasmiylarga “jiddiy shikoyatlar” kelib tushganidan so‘ng ayollarni ish bilan ta’minlashni to‘xtatishni buyurgan. 

Yangi cheklov de-fakto rasmiylar ayollarni universitetlarda o‘qishni taqiqlaganidan bir hafta o‘tmay, BMT tomonidan keskin qoralangan va Afg‘onistonning ayrim hududlarida norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan. 

24 dekabr kuni e’lon qilingan bayonotda BMT va uning hamkorlari, jumladan, milliy va xalqaro nohukumat tashkilotlari omon qolishlari uchun gumanitar yordamga muhtoj 28 milliondan ortiq afg‘onga yordam berayotgani ta’kidlangan. 

“Gumanitar yordamni samarali yetkazib berish barcha insonparvarlik xodimlari, shu jumladan ayollar uchun to‘liq, xavfsiz va to‘siqsiz kirishni talab qiladi. Ayollarning hayotini saqlab qolish va tirikchilikni ta’minlash uchun xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishni taqiqlash Afg‘oniston xalqi uchun qo‘shimcha jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi”, deyiladi bayonotda. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi alohida bayonotida ayollarga qo‘yilgan yangi cheklovlarni qoraladi va amalda rasmiylarning har qanday bunday farmoni “ayollarning asosiy huquqlari hamda insonparvarlik tamoyillarini buzishi”ni ta’kidladi. 

BMTning Afg‘onistondagi vakillari ushbu farmonga aniqlik kiritish uchun “Tolibon” rahbariyati bilan uchrashishga harakat qiladi. 

“Ayollar hayotning barcha jabhalarida, jumladan, insonparvarlik yordamida hal qiluvchi rol o‘ynashi kerak. Bu so‘nggi qaror eng zaif guruhlarga, ayniqsa ayollar va qizlarga yanada ko‘proq zarar keltiradi”, deyiladi BMTning Afg‘oniston bo‘yicha bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 dekabr kuni “Tolibon” harakati mamlakat universitetlaridan talaba qizlar uchun darslarni keyingi ogohlantirishgacha to‘xtatishni talab qildi. Buning ortidan AQSH ma’muriyati o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda Afg‘onistondagi oliy o‘quv yurtlarida qizlarning o‘qishi to‘xtatilgani munosabati bilan “Tolibon” harakatiga qarshi chora ko‘rishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi

"Tolibon"ga ko‘ra, bunday qarorga “[universitet] yotoqxonalarida ayollarning bo‘lishi va ularning viloyatlardan [o‘qish uchun] erkaklar hamrohligisiz kelishi, talaba qizlarning hijob o‘rash qoidalariga rioya qilmasligi, erkak va ayolning birgalikda o‘qishi, ba’zi fakultetlarda qizlarning o‘qitilishi islom qonunlariga zid va afg‘onlarning g‘ururiga putur yetkazishi sabab bo‘lgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing