Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev 7,5 yilga qamaldi
3-sahifa
−
26 yanvar 2022
45871Bugun, 26 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida sudlanuvchi Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevga (1980 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi sudyasi Z. Nuriddinov raisligida ko‘rib chiqildi.
Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev joriy yilning 26 iyun kuni Olmazor tumanida joylashgan “To‘xtaboy” jome masjidida janjal ko‘tarib, jamoat tartibini va fuqarolar tinchligini buzganidan so‘ng qamoqqa olingandi.
Sud Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevni O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasida (“Mayda bezorilik”) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Tekshiruv davomida huquq-tartibot idoralari xodimlariga Orifxo‘jayev o‘zining mobil telefonida shubhali diniy mazmundagi materiallar saqlagani va u boshqa shaxslarga ko‘rsatgani haqida ma’lumot olgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, Facebook ijtimoiy tarmog‘ining “Fozilkhuja Arifxo‘jayev” foydalanuvchisi profilidagi ayrim nashrlar diniy fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi deb topilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Mazkur hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida, sudlanuvchi tomonidan esa unga hukmning nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida shu sud orqali Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat berishlari yoki prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin.
LiveBarchasi