Bloger Emine Karamanova 7,5 yilga qamaldi
3-sahifa
−
13 dekabr 2023
32196Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi appelyatsiya sudlov hay’atining 13 dekabr kunidagi sud majlisida Emine Karamanova (Lemara Mirzaahmedova)ga nisbatan quyi instansiya sudining 7,5 yillik qamoq jazosi o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu haqda "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 47 yoshli bloger O‘zbekiston Respublikasi JKning 139- (Tuhmat), 140- (Haqorat) va 165- (Tovlamachilik) moddalari bilan ayblangan.
Tergov organi tomonidan blogerga qo‘yilgan JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastarata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228- (Hujjatlarni qalbakilashtirish) aybi undan olib tashlangan.
Tovlamachilik epizodi bo‘yicha jabrlanuvchi Yangiyo‘l tumani hokimligi mutasaddisi hisoblanadi.
Bloger jazo muddatini umumiy tartibdagi koloniyada o‘taydi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati IIB tomonidan ijtimoiy tarmoq faoli Emine-Lemara Mirzaahmedova O‘zbekiston Respublikasi JKning 139, 140, 165, 167 va 228-moddalari bilan ayblanib, shu yilning 1 mart kuni hibsga olingan edi. Unda aytilishicha, bloger Lemara Mirzaahmedova rahbarligidagi MCHJ hujjatlarni qalbakilashtirish orqali byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, boshqa bir holatda ham ushbu MCHJ mansabdorlari tomonidan xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 7-sonli maktabning qo‘shimcha xo‘jalik binosini qurib berish uchun shartnoma asosida 157 mln so‘m byudjet mablag‘lari ajratilgan bo‘lgan. Lekin bu holatda ish hajmini qo‘shib yozish orqali haqiqatda bajarilmagan ishlar uchun yana 13 mln 441 ming so‘m pullar talon-toroj qilingan.
Bundan tashqari, boshqarma Mirzaahmedovaning qo‘lga olinishida uning blogerlik faoliyatining dahli yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.