IIBB bloger Eminening qamalishiga rasmiy izoh berdi
Jamiyat
−
04 mart 2023
26615Avvalroq QALAMPIR.UZ o‘z manbalariga tayanib ijtimoiy tarmoq faoli, bloger Emine-Lemara Mirzaahmedovaning hibsga olingani haqida xabar bergan edi.
Bugun, 4 mart kuni Toshkent viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh berdi. Unda aytilishicha, bloger Lemara Mirzaahmedova rahbarligidagi MCHJ hujjatlarni qalbakilashtirish orqali byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Aniqlanishicha, 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro Lemara Mirzaahmedovaga tegishli “TEX KREDO” MCHJga, Yangiyo‘l tumani hududida joylashgan, xotira maydonchasini zamonaviy shaharsozlik talablari darajasida ta’mirlash uchun shartnoma asosida mahalliy byudjet hisobidan 329 mln 300 ming so‘m miqdordagi pul mablag‘lari ajratib berilgan.
Keyinchalik, mazkur shartnoma ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan auditorlik tekshiruvida esa pudratchi MCHJ rahbari 47 yoshli Lemara Mirzaahmedova va boshqalar tomonidan aslida bajarilmagan 227 mln 135 ming so‘mlik ishlarni qo‘shib yozish orqali rasman bajarilgan ishlar hisobiga kiritib, ko‘p miqdorda byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan”, deyiladi Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati xabarida.
Shuningdek, boshqa bir holatda ham ushbu MCHJ mansabdorlari tomonidan xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 7-sonli maktabning qo‘shimcha xo‘jalik binosini qurib berish uchun shartnoma asosida 157 mln so‘m byudjet mablag‘lari ajratilgan bo‘lgan. Lekin bu holatda ish hajmini qo‘shib yozish orqali haqiqatda bajarilmagan ishlar uchun yana 13 mln 441 ming so‘m pullar talon-toroj qilingan.
“Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 3- qismi, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash va qalbakilashtirish, sotish yoki foydalanish), 2- va 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deya axborot berilgan rasmiy izohda.
Qayd etilishicha, hozirda pudratchi “TEX KREDO” MJCH rahbari Lemara Mirzaahmedova himoyachi bilan ta’minlangan holda jinoyat ishiga jalb etilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, boshqarma Mirzaahmedovning qo‘lga olinishida uning blogerlik faoliyatining dahli yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon bir necha jurnalistlar va blogerlar qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani xabar qilindi. Bular sirasiga bloger Abduqodir Mo‘minov, jurnalist Xurshid Daliyev, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, "O‘zbekneftgaz" kompaniyasi matbuot kotibi Siyovush Hoshimovni kiritish mumkin. Shuningdek, “Kompromatuzb” Telegram kanali ishi bo‘yicha ko‘plab jurnalist va blogerlar huquq-tartibot idoralariga chaqirilgan.
LiveBarchasi