Blinkenning yordamchisi O‘zbekistonga kelib, Allamjonov va Mirziyoyeva bilan uchrashdi

Olam

image

Amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan AQSH davlat kotibining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elizabet Kennedi Tryudo bugun, 6 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva bilan uchrashdi.  

Allamjonov bilan uchrashuvda davlat organlari ochiqligini ta’minlash, jamoatchilik bilan muloqot, feyk va yolg‘on axborotlarga qarshi kurashish, mass-media sohasini rivojlantirish, aholining mediasavodxonligini oshirish kabi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilingan. 

“Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda, har ikki tomon uchun samarali o‘tdi. Tryudo xonimning mamlakatimizga tashrif buyurganidan xursand bo‘ldim. U bilan suhbatlashish, yurtimizdagi o‘zgarishlar haqidagi taassurotlarini eshitish yoqimli bo‘ldi”, deb yozadi Komil Allamjonov ushbu muloqotga baho berarkan.

Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva esa Elizabet Kennedi Tryudo bilan dezinformatsiyaga qarshi kurash va yoshlar va bolalar orasida mediasavodxonlikni oshirishning ahamiyatini muhokama qilgan. U AQSHning katta vakolatga ega xonimiga Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi faoliyati haqida so‘zlab bergan. 

“Menga amerikalik mehmonning quyidagi mulohazasi juda yoqdi: "Biz amerikaliklar sizga nima qilish kerakligini o‘rgatishga kelganimiz yo‘q. Biz hamkorlik uchun shu yerdamiz. Va biz sizni ishonchli hamda teng huquqli sheriklar deb bilamiz. Ishonchim komilki, oldimizda sermahsul hamkorlik turibdi”, deb yozgan Saida Mirziyoyeva.  

Ma’lumot uchun, Elizabet Kennedi Tryudo tashqi ishlar xizmatining yuqori martabali a’zosi va kotibning global jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchidir. U ilgari Mudofaa vaziri yordamchisining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi bo‘limida bosh o‘rinbosar lavozimida ishlagan. Tryudo Pentagonga tayinlanishidan oldin u Shimoliy Irlandiyaning Belfast shahrida AQSH bosh konsuli va Pokistonning Lahor shahrida AQSH bosh konsuli lavozimlarida ishlagan. Pokistondagi lavozimidan oldin u Davlat departamentining matbuot operatsiyalari bo‘yicha direktori va Vashingtonda departament matbuot kotibi lavozimlarida ishlagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Elizabet Tryudo

Baholaganlar

97

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar