Blinkenning Falastin Prezidenti bilan uchrashuvi tortishuvlarga boy bo‘ldi – OAV 

Olam

image

Bugun, 10 yanvar kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken G‘arbiy Sohildagi Ramalloh shahrida Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashdi. Bu haqda “Al-Ekhbariya” telekanali xabar berdi.

Aytilishicha, muzokaralar G‘azo sektoridagi urush va G‘arbiy Sohildagi vaziyatning keskinlashuviga qaratilgan.

“Sky News Arabia”ning manbalariga ko‘ra, Blinken va Abbos o‘rtasidagi uchrashuv juda keskin o‘tgan.

“Xususiy manbalarimiz Blinkenning bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Ramallohda Abbos bilan uchrashuvi tarang, tortishuvlar va janjallarga boy bo‘lganini tasdiqladi”, deyiladi telekanal xabarida.

Qayd etilishicha, Abbos Blinkendan muzlatilgan Falastin mablag‘larini qaytarish uchun Isroilga bosim o‘tkazishni so‘ragan. O‘z navbatida, Blinken Falastin milliy ma’muriyatida islohotlar o‘tkazish talabini takrorlagan.

“Mahmud Abbos Isroil tomonidan “Falastin xalqini G‘azo sektori yoki G‘arbiy Sohildan, jumladan Quddusdan siqib chiqarishga” qaratilgan chora-tadbirlarning jiddiyligi haqida ogohlantirdi”, deya xabar beradi telekanal.

Ma’lumot uchun, Blinken G‘azoda urush boshlangandan beri mintaqaga qilgan to‘rtinchi safari davomida Turkiya, Gretsiya, Iordaniya, Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni va Isroilda bo‘lgandi. Uning Yaqin Sharqqa safari esa Misrga tashrif bilan yakunlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Blinken Tel-Avivda o‘tkazgan matbuot anjumanida Isroil hukumati Falastin byudjeti uchun mo‘ljallangan soliq tushumlarini ushlab qolishni to‘xtatishi kerakligini aytgandi. Shuningdek, Davlat kotibi Bosh vazir Binyamin Netanyaxu Isroilning G‘azodan falastinliklarni majburan olib chiqish niyati yo‘qligiga ishontirganini ta’kidlagandi. Biroq Isroil Moliya vaziri Betsalel Smotrich Falastin ma’muriyati hisobiga bir chaqa ham o‘tkazilmasligi va G‘azo sektoridan "ixtiyoriy migratsiya"ni rag‘batlantirishini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made