Blinken Yangi yilning birinchi haftasida yana Isroilga boradi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Antoni Blinken kelasi hafta oxirida Yaqin Sharqqa safar qiladi. Asosiy e’tibor yana G‘azodagi urushga qaratiladi. Bu haqda besh nafar Amerika, Isroil va arab rasmiylariga tayanib “Axios” xabar berdi.

“Blinken Isroil, Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Qatarga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda”, deb yozadi “Axios”.

Bu Blinkenning urush boshlanganidan beri Isroilga beshinchi tashrifi bo‘ladi. Uning safari Bayden ma’muriyatining yuqori martabali mulozimlarining davom etayotgan inqirozni hal qilish uchun Isroil hukumati va boshqa mintaqaviy sheriklar bilan doimiy maslahatlashuvlarda qatnashish uchun davom etayotgan tashriflarining bir qismidir.

26 dekabr kuni Blinken Vashingtonda Isroil Strategik rejalashtirish vaziri Ron Dermer bilan uchrashdi. Uchrashuvda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jeyk Sallivan ham ishtirok etdi.

Oq uy rasmiysining aytishicha, uchrashuvda G‘azodagi keng ko‘lamli janglardan past intensivlikdagi operatsiyalarga o‘tishni rejalashtirish muhokama qilingan.

“Sallivan va Dermer G‘azodagi gumanitar vaziyatni yaxshilash, tinch aholiga yetkaziladigan zararni kamaytirish va qolgan garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha amaliy choralarni muhokama qildi”, deya tushuntirdi ma’muriyat rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktyabr kuni HAMAS-Isroil o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar avj olgan bo‘lsa, oradan besh kun o‘tib, 12 oktyabrda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga borgandi. U Isroildan so‘ng Iordaniya, Qatar, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Misrda ham bo‘ldi va ushbu davlatlarning rasmiylari bilan Isroil-Falastin masalasini muhokama qildi. Arab davlatlariga qilgan safaridan so‘ng, Entoni Blinken 16 oktyabr kuni Isroilga qaytib borgan. Oradan ko‘p o‘tmay, 3 noyabr kuni Blinken mojaro fonida uchinchi marta Isroilga borib, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu, Prezident Isxaak Gersog va boshqa rasmiylar bilan uchrashgandi. 30 noyabr kuni amerikalik siyosatchining samolyoti yana Tel-Avivga qo‘ngan. Tashrif chog‘ida Blinken Isroil rasmiylari bilan "gumanitar pauza", HAMAS qo‘l ostidagi mahbuslarni ozod qilish va G‘azoga yordam masalalarini muhokama qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil Entoni Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing