Blinken yana Yaqin Sharqqa otlanyapti
Olam
−
08 iyun
6120AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharqqa kelasi hafta safar qiladi. Bu haqda kecha, 7 iyun kuni AQSH Davlat departamenti xabar berdi.
Safar Vashington o‘tgan hafta Prezident Jo Bayden taklif qilgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Isroil va HAMASga bosim o‘tkazishga urinayotgan paytga to‘g‘ri keldi.
7 oktyabrdan beri mintaqaga sakkizinchi tashrifida amerikalik diplomat Misr, Isroil, Iordaniya va Qatarga borib, bu davlatlarning yuqori martabali rahbarlari bilan uchrashadi.
“Davlat kotibi o‘t ochishni to‘xtatish taklifi isroilliklar va falastinliklar uchun qanday foyda keltirishi mumkinligini muhokama qiladi. U o‘t ochishni to‘xtatish G‘azodagi azob-uqubatlarni yengillashtirishi, insonparvarlik yordamini sezilarli darajada oshirish va falastinliklarning o‘z hududlariga qaytishiga imkon berishini ta’kidlaydi”, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Misr, Qatar va boshqalar vositachiligida Isroil va HAMAS o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar bir necha bor to‘xtab qolgan, har ikki tomon bir-birini muvaffaqiyatga erishmaganlikda ayblagan.
Davlat departamentiga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish Isroilning Livan bilan shimoliy chegarasida ham tinchlanish uchun eshikni ochadi, Isroil va uning arab qo‘shnilari o‘rtasida hamkorlik qilish uchun sharoit yaratadi.
“Davlat kotibi, shuningdek, mojaroning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini yana bir bor ta’kidlaydi”, deyiladi bayonotda.
Blinken Iordaniyaga tashrifi chog‘ida G‘azo sektoridagi vaziyatga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha konferensiyada ishtirok etadi.
LiveBarchasi