Blinken urush boshlangandan beri 9-marta Isroilga bordi (video)
Olam
−
19 avgust
2884AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken G‘azo sektoridagi ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha bo‘lajak muzokaralar oldidan Isroilga bordi. Amerika diplomatiyasi rahbari Tel-Avivdagi Ben Gurion aeroportiga qo‘ndi. Bu haqda kecha, 18 avgust kuni AFP xabar berdi.
Qayd etilishicha, Blinken bugun, 19 avgust kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Mudofaa vaziri Yoav Galant va Prezident Isxak Gersog bilan uchrashadi, ertaga, 20 avgustda esa Misrga boradi.
Ta’kidlash joizki, bu G‘azo sektorida urush boshlangandan beri Blinkenning Yaqin Sharqqa to‘qqizinchi tashrifi. Davlat departamenti matbuot kotibi o‘rinbosari Vedant Patelning aniqlik kiritishicha, Blinkenning “intensiv diplomatik sa’y-harakatlari” 16 avgust kuni Vashington tomonidan Misr va Qatar ko‘magida taqdim etilgan vaqtinchalik taklifga asoslanadi.
“Ushbu taklif G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga erishadi, barcha garovga olinganlarni ozod qiladi, butun mintaqa bo‘ylab gumanitar yordam tarqatilishini ta’minlaydi va kengroq mintaqaviy barqarorlik uchun sharoit yaratadi”, deydi u.
Blinken yana bir bor mintaqadagi barcha mamlakatlarni keskinlashuv yoki kelishuvga erishish qobiliyatiga putur yetkazadigan boshqa harakatlardan qochishga chaqiradi.
Kecha, 18 avgust kuni Netanyaxu, birinchi navbatda, HAMASga bosim o‘tkazish kerakligini yana bir bor ta’kidladi.
“HAMAS hamon qaysar. Doha muzokaralariga hatto o‘z vakilini ham yubormadi. Shuning uchun bosim Isroil hukumatiga emas, HAMAS va Sinvarga qaratilishi kerak”, degan Netanyaxu Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida.
G‘azo taklifi uch bosqichli jarayonni nazarda tutadi, bu jarayonda HAMAS barcha garovga olinganlarni ozod qiladi, evaziga Isroil o‘z kuchlarini G‘azo sektoridan olib chiqib, falastinlik mahbuslarni ozod qiladi. Buyuk Britaniya va Fransiya Tashqi ishlar vazirlari Devid Lemmi va Stefan Sejurne ham 16 avgust kuni Isroilga tashrif buyurib, G‘azo bo‘yicha kelishuv zudlik bilan amalga oshirilishi zarurligini ta’kidladi.
16 avgust kuni Dohada Amerika, Isroil, Misr va Qatar rasmiylari ishtirokida Isroil va HAMAS o‘rtasida kelishuvga erishish maqsadida muzokaralarning ikkinchi kuni bo‘lib o‘tgan edi. Raund yakunida Qo‘shma Shtatlar, Misr va Qatar bayonotida tomonlarga “ko‘priklar qurish taklifi” taqdim etilgani qayd etildi.
Kelasi hafta oxirigacha Qohirada uch hukumatning yuqori martabali vakillari uchrashishi kutilmoqda. “The New York Times”ning yozishicha, Tehron o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muloqotni yanada rivojlantirish uchun vositachilarga vaqt berish uchun Isroil hududiga zarba berishni keyinga qoldirishga qaror qilgan.
LiveBarchasi